Xushboqova Nigora Gʻayrat qizi 2003-yil 18-noyabrda Surxondaryo viloyati tadbirkorlar oilasida tugʻilgan. 2009-2020-yillarda Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabini a’lo baholar va “Oltin medall” bilan tamomladi. Maktabda oʻqiydigan chogʻlarida matematika, huquq va ingliz tili boʻyicha fan olimpiadalarida qatnashib faxrli oʻrinlarni egallagan. 2018-2020-yillar davomida Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabining Yoshlar Ittifoqi sardori lavozimida faoliyat olib brogan. Maktabni muvaffaqiyatli tamomlaganidan soʻng 2020-yil Termiz davlat universiteti Yuridik fakulteti Yurisprudensiya ta’lim yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilindi. Hozirda Termiz davlat universiteti Yuridik fakulteti Yurisprudensiya ta’lim yoʻnalishi 3-bosqich talabasi. Nigora nafaqat universitet miqyosida balki respublika miqyosida oʻtkaziladigan tadbirlar va tanlovlarda ham muntazam ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritib kelmoqda.
Jumladan:
1.2021-yil aprel oyida “Academicia An International Multidisciplinary Research Journal” nomli xalqaro jurnalda “Gender equality and its importance in Uzbekistan and other countries of the world” nomli maqolasi chop etilib, xalqaro darajadagi sertifikat bilan;
2.2022-yil iyun oyida “Universum: экономика и юриспруденция” nomli xalqaro ilmiy jurnalda “Республика узбекистан: история развития гражданского права” nomli maqolasi chop etilib, xalqaro sertifikat bilan;
3.2022-yil aprel oyida “Yangi Oʻzbekiston: barqaror rivojlanishining ijtimoiy-falsafiy, iqtisodiy-siyosiy va huquqiy masalalari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada “Fuqarolik jamiyati: xalqparvar davlat barpo etishning ijtimoiy-falsafiy va huquqiy masalalari” nomli maqolasi bilan ishtirok etib, sertifikat bilan;
4.2022-yil may oyida boʻlib oʻtgan “International Forum of Talented Youth”nomli forumda “Grants and Study Abroad” kategoriyasi boʻyicha faol ishtirok etganligi va kreativ gʻoyalari uchun sertifikat bilan;
5.2022-yil iyun oyida Xorazm Ma’mun akademiyasi koʻmagida ta’sis etilgan ““Involta” Innovation Scientific Journal” da “Oʻzbekiston Respublikasining huquq tizimida ma’muriy huquqning tutgan oʻrni” mavzusida maqolasi chop etilib, sertifikat bilan taqdirlangan.
Nigora huquq sohasidagi izlanishlarini ustozlari yuridik fanlar doktori, professor Jumanazar Toshtemirovich Xolmoʻminov va Yuridik fakulteti “Davlat va huquq nazariyasi va tarixi” kafedrasi oʻqituvchisi Islom Rahmatulloyev bilan birga olib bormoqda.
Shuningdek, hozirgi kungacha izlanishlari natijasida 50 dan ortiq ilmiy ishlari respublika va xalqaro jurnallar va konferensiyalarda chop etilgan.
Shu bilan bir qatorda, 2022-yil iyul oyi davomida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shohida Yusupova tomonidan tashkil etilgan “Shine Girls Academy”ning shaxsiy rivojlanish va Xalqaro maydonga chiqishga qaratilgan onlayn kursida tahsil oldi va uni muvaffaqiyatli tugatdi. Kurs mobaynida Indoneziyaning “Asih sasami indonesia global writers” nomli xalqaro fondining, Hindistonning ,,The cause of noble mission of peace, justice, universal brotherhood, love & nature on earth” nomli IQRA fondining, Indoneziyaning “Juntos por las Letras” nomli xalqaro yozuvchilar guruhining, Misrning ”Creativity Forum for Culture, Arts and Peace” nomli xalqaro fondining faxriy a’zosi etib tayinlandi hamda Akademiyaning maxsus sertifikati bilan taqdirlandi.
Nigoraning yana bir eng katta bir yutuqlaridan biri uning ,,History Of The Development Of Civil Law In Uzbekistan” nomli ilmiy maqolalar toʻplami AQSHning nufuzli ,,Amazon” nashriyotida 1000 nusxada chop etilib, dunyoning 26 davlatida sotuvga qoʻyildi.
Shu bilan bir qatorda Moldovaning ,,Globe Edit” nashriyotida ,,Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik huquqi haqida ma’lumotlar” va ,,Oʻzbekiston Respublikasida barcha huquq tarmoqlarining rivojlanishi” nomli ilmiy maqolalar toʻplami chop etildi.
,,Renessans davri: Ilmiy-tadqiqotlar yetakchisi” Xalqaro ilmiy-amaliy tanlovi va Xalqaro konferensiyaga yuborgan ilmiy maqolasi qabul qilinib, ,,Renessans davri: Ilmiy-tadqiqotlar yetakchisi” esdalik koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Oʻzbekistonning eng iqtidorli yosh ijodkorlari, yozuvchi va shoirlari, talabalarining ijodiy ishlari jamlangan xalqaro antologiya ,,Talented Voices of Uzbekistan” nomi bilan Amerikaning ,,Amazon” nashrida chop etilib, dunyoning 26 davlatida sotuvga qoʻyildi. Ushbu antologiyadan Xushboqova Nigoraning ilmiy maqolasi ham joy olgan.
Nigoraning yana bir yutuqlaridan biri shuki, Oʻzbekistonning har tomonlama iqtidorli, faol, jamiyatda oʻz oʻrniga ega, ilmli qizlarining muvaffaqiyatli hayot yoʻli jamlangan xalqaro antologiya ,, Leader girls lead the world” nomi bilan Amerikaning ,,Amazon” nashrida chop etildi va dunyoning turli mamlakatlarida sotuvga qoʻyildi va ushbu antologiyaga Nigoraning ham ibratli hayot yoʻlini loyiq deb bilishdi. Nigora shunga qaramay toʻxtab qolgani yoʻq. 2022 yil 20 dekabr kuni “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali tomonidan ta’sis etilgan “Ilmiy-innovatsion tadqiqotlar yetakchisi” koʻkrak nishoniga sazovor boʻldi.