MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

ABDUMUMINOVA DIANA TEMURLANOVNA

ABDUMUMINOVA DIANA TEMURLANOVNA

“Clarivate” xalqaro kompaniyasining O‘zbekistondagi mintaqaviy vakili

Abdumuminova Diana Temurlanovna 1991-yil 11-oktyabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1998 - yildan 2007 - yilgacha Toshkent shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabida ta’lim olgan. 2007–2010 yillarda Qurilish-iqtisod kollejida oʻrta-maxsus ma’lumotga ega boʻlgan va ushbu kollejda bir yil mobaynida psixolog lavozimida ishlagan.

2011–2015 yillarda Toshkent irrigatsiya va meliorasiya institutida bakalavriatda ta'lim olgan. 2015–2017 yillarda shu ta'lim muassasasida “Muhandislik” mutaxassisligi boʻyicha magistraturani muvaffaqiyatli yakunlagan. Shu bilan birga, 2015 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida “Hayot faoliyati xavfsizligi (HFX) fan oʻqituvchisi” mutaxassisligi boʻyicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan.

2017–2020 yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti huzuridagi bazaviy doktoranturada doktorant sifatida tahsil olgan.

Doktorantura davrida u uchta respublika grantini yutib olgan: ulardan ikkitasi — Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Fan va innovatsiyalarni moliyalashtirish jamgʻarmasi, uchinchisi esa — “El-Yurt Umidi” jamgʻarmasi tomonidan taqdim etilgan. Ilmiy stajirovkani Rossiya Federasiyasining Moskva shahridagi K.A. Timiryazev nomidagi Rossiya davlat agrar universitetida oʻtab kelgan.

U oʻzining ilmiy faoliyatini Toshkent irrigatsiya va melioratsiya muhandislari institutining ilmiy boʻlimida boshlagan, keyinroq Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligidagi Ilmiy ekspertiza boʻlimida ishini davom ettirgan. Keyinchalik u mamlakatdagi ilk va yagona boʻlgan Ilmmetriyani rivojlantirish departamentini tashkil etgan va unga rahbarlik qilgan.

Departament ilmiy faoliyatni tahlil qilish va monitoring qilish, oʻzbek ilm-fanini xalqaro ma'lumotlar bazalariga ilgari surish, tadqiqotchilarni oʻqitish, milliy ilmiy mahsulotlarni jahon ilm-fani maydoniga integrasiya qilish, shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlardan iborat ekspertlar bazasini shakllantirish kabi faoliyatlarni amalga oshirgan. Uning rahbarligida butun respublika boʻylab keng koʻlamli va tizimli ishlar olib borilgan: mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari yetakchi xalqaro naukometriya bazalariga ulangan. Ushbu islohot Oʻzbekistonda ilm-fan rivojida burilish nuqtasiga aylangan — mamlakatda ilmiy nashrlar faolligi keskin oshgan va milliy universitetlar xalqaro nufuzli reytinglarga kirishni boshlagan.

Vazirlikdagi faoliyati davomida Diana Temurlanovna oʻzini yuqori malakali va mas’uliyatli mutaxassis sifatida koʻrsatgan va bu uni xalqaro ilmiy va ta’lim tashkilotlarining e'tiboriga tushishiga sabab boʻlgan. Natijada u Web of Science, Pivot-RP, ProQuest Dissertations kabi mashhur xalqaro platformalarga egalik qiluvchi Clarivate kompaniyasining Oʻzbekistondagi mintaqaviy vakili lavozimiga taklif etilgan.

Ushbu lavozimdagi faoliyati Oʻzbekistonning ilm-fan va ta'lim sohasidagi xalqaro obroʻ-e’tiborini oshirishga xizmat qilmoqda.

Diana Temurlanovna 30 dan ziyod ilmiy va oʻquv-metodik maqolalar, uchta kompyuter dasturi va ma’lumotlar bazasiga oid Rossiya Federasiyasida berilgan roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomalari muallifi hisoblanadi. Shuningdek, u ikki monografiya muallifi boʻlib, ulardan biri Gruziya qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri oʻrinbosari Solomon Pavliashvili va TIIIMSXA rektori Bahodir Mirzaev bilan hammualliflikda yozilgan.

Soʻnggi uch yil mobaynida Diana Temurlanovna respublika boʻylab talabalar va professor-oʻqituvchilar uchun ilmmetriya, akademik yozish va xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari boʻyicha bepul seminar va vebinarlar oʻtkazib kelmoqda, oʻz bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashmoqda.

Uning hayotida intellektual sport — shaxmat va shashka alohida oʻrin egallaydi. U bolaligidan bu sport turlari bilan shugʻullanib keladi va bir necha bor sohaviy musobaqalar gʻolibi boʻlgan, bu esa uning tahliliy fikrlash qobiliyati va strategik yondashuvini namoyon etadi.

Ilmiy va kasbiy faolligiga qaramasdan, Diana Temurlanovna onalik vazifasini ham ado etib, jamoatchilik faoliyatida ham ishtirok etib kelmoqda. U akademik yozish, ilmmetriya va ilmiy hamkorlik mavzularida muntazam ravishda seminarlar oʻtkazadi va yosh tadqiqotchilarga ustoz sifatida maslahat beradi.

Uning sevimli hayotiy shiorlari quyidagilar:

• “Iqtidorli inson barcha sohada iqtidorli boʻladi” — Lion Feyxtvanger (nemis yozuvchisi)

• “Insonda har narsa goʻzal boʻlishi kerak: yuzi ham, kiyimi ham, qalbi ham, fikri ham” — A.P. Chexov (rus klassik yozuvchisi)

• “Aql, yurak va irodani uygʻunlashtira olgan ayol butun bir mamlakat taqdirini oʻzgartirishga qodir” — Shirin Ayubova (birinchi oʻzbek ayol akademik)