Abdullayev Aziz Xabibullayevich 1986-yilda Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, oilali, bir nafar farzandi bor, ma’lumoti oliy.
A. Abdullayev mutaxassisligi bo‘yicha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini 2012-yil “Tarix o‘qitish metodikasi” ta’lim yo‘nalishining bakalavr bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. 14 yillik ish stajiga ega.
Mehnat faoliyatini 2011–2022-yillar mobaynida Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 186-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tarix fani o‘qituvchisi lavozimida samarali faoliyat yuritgan. Ya’ni, mazkur tashkilotdagi faoliyati davomida A. Abdullayev nafaqat bilimlarni yetkazish, balki o‘quvchilarning fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, tarixga bo'lgan qiziqishini uyg'otish va ularni jamiyatda faol a'zo bo'lishga tayyorlash kabi vazifalari bilan birga ta’lim-tarbiya tizimida pedagogik faoliyatni tashkiliy, ilmiy-metodik, axborot ta’minotini amalga oshirish, shuningdek ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, tegishli dasturlar, me’yoriy hujjatlar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshirib kelgan.
2022-yilning 5-may sanasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim berish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 234-sonli qaroriga muvofiq 2022-yil 16-may kuni O‘zbekiston Respublikasida ilk marotaba gospital maktab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi Markazida “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi tashkil etildi. Gospital ta’lim, bu uzoq muddatli davolanayotgan va sog‘lig‘i sababli ta’lim muassasasiga bora olmaydigan bolalarni o‘qitishni tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan ta’limning shaklidir. A. Abdullayev o‘zining tashabbusi bilan 2022-yildan buyon “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish bo‘yicha pedagog xodim lavozimida o‘z faoliyatini olib bormoqda. Faoliyati jarayonida sohaga oid me’yoriy hujjatlar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshirib kelganligi, shuningdek, muassasaning rejali ishlarini bajarishda va jamoat ishlarida faol ishtirok etganligi uchun bir necha marta rahbariyat tomonidan tashakkurnomalar hamda barkamol avlodga ta’lim-tarbiya berishdagi samarali mehnati hamda ta’lim tizimiga qo‘shib kelayotgan hissasini inobatga olgan holda A. Abdullayev Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan.
U yuqori malakali pedagog bo‘lib, uzoq yillik hayotiy tajribaga hamda ta’lim sohasida katta obro‘-e’tiborga ega.
A. Abdullayev ko‘p yillik tajribaga ega ilg‘or pedagog sifatida zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish borasida samarali mehnat qilib kelmoqda.
Mohir pedagog 2022-yildan buyon hozirgi vaqtga qadar Rossiya Federatsiyasining “UchimZnayem” gospital ta’lim loyihasi konferensiyalarida faol ishtirok etib, bir necha bor xalqaro sertifikatlarga sazovor bo‘lgan.
U bugungi kunda uzoq muddatli davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga tarix fanidan bilim berish borasidagi metodikasini gospital ta’lim tizimiga joriy etish borasida ishlamoqda.
Ya’ni, A. Abdullayev o‘z tajribasidan kelib chiqib, o‘quv dasturiga muvofiq, uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan o‘quvchilarning yoshi va bilimlariga moslashtirilgan darslarni rejalashtirish va o‘tkazish, uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan o‘quvchilar uchun qiziqarli va tushunarli o‘quv materiallarini tanlash, ularning tarix bo‘yicha bilimlarini baholash uchun turli xil usullarni qo‘llash, tarixiy voqealarni tahlil qilish, muqobil nuqtai nazarlarni ko‘rib chiqish, xulosalar chiqarish va o‘z fikrlarini ifoda etish qobiliyatini rivojlantirish, o‘quvchilarda tarixga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish uchun turli xil usullarni qo‘llash, ularni jamiyatda faol a’zo bo‘lishga tayyorlash uchun ularga tarixiy voqealarni zamonaviy dunyo bilan bog‘lash, ularni jamiyatda sodir bo‘layotgan voqealarni tahlil qilishga o‘rgatish va jamiyatda o‘z o‘rnini topishga undash vazifalarini amalga oshirmoqda.
Shuningdek, A. Abdullayev uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan o‘quvchilar bilan muntazam ravishda muloqot qilib, ularning o‘rganish qiyinchiliklarini aniqlab, ularga yordam bergan holda har tomonlama rag‘batlantirib kelmoqda.
Shu bilan birga A. Abdullayev o‘z bilimlarini doimiy ravishda oshirib borish uchun tarix bo‘yicha yangi kitoblar, ilmiy maqolalar o‘qib, xalqaro konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Shuningdek, A. Abdullayev uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan bolalarning qiziqishlarini inobatga olgan holda ular bilan individual ishlash borasidagi tajribasi bo‘yicha ham metodik qo‘llanma ishlab chiqish ustida ishlamoqda.
So‘nggi yillarda A. Abdullayev uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan bolalarga ta’lim berish bo‘yicha bir qator ilmiy ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, u “Gospital ta’limda tarix fanini o‘qitish usullari”, “Uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun ta’lim muhitini yaratishda ota-onalar bilan hamkorlik” hamda “Uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan bolaning shaxsiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta’lim texnologiyalarini tashkil etish” mavzularida maqolalar chop ettirdi.
Izlanuvchan pedagog “Gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa stasionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalarga uzluksiz ta’lim-tarbiya berishni ta’minlash” mavzusidagi xalqaro konferensiyada “Sertifikat” bilan taqdirlangan.
Dars jarayonida A. Abdullayev o‘zining tajribasidan kelib chiqqan holda uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan bolalarning tarix fanidagi bilimlari mustahkamlanishi hamda o‘quvchilarida o‘zlashtirish samaradorligining o‘sishiga erishmoqda.
O‘quvchilar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlar ta’sirchanligini oshirish, bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida maktabda “Tarixsiz kelajak yo‘q” to‘garak faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
A. Abdullayev “Gospital maktab sharoitida tarix fanini samarali o‘qitishda illyustratsiyalardan foydalanish”, “Gospital ta’limda tarix fanini o‘qitishning noan’anaviy usullari” hamda “Uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan o‘quvchilarni badiiy asarlar va badiiy filmlar orqali tarix faniga qiziqtirish” mavzusidagi mahorat darslari orqali “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasi pedagoglariga metodik jihatdan ko‘maklashgan holda yosh pedagoglarning kasb mahoratini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bilim maskanida va o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etib, mamlakatimizda mustaqillik yillarida ta’lim sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati va uning amaliy samaralarini targ‘ib qiladi.
Yuqori malakali pedagog, fidoyi va jonkuyar inson sifatida hamkasblari va mahalla ahli o‘rtasida hurmat qozongan.