Gʻoyibnazarova Fazilat Salim qizi 1997-yil 12-noyabrda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida tugʻilgan. U oʻzining ilk taʼlimini 2004-2013 yillarda Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 121-sonli maktabda olgan. Maktabni tamomlagach, 2013-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Soliq Qoʻmitasi qoshidagi Toshkent Soliq kollejiga davlat imtihoni asosida "Soliq Mutaxassisi" yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul qilinib, 2017-yilda ushbu kollejni aʼlo baholar bilan tamomladi.
Fazilatning kasbiy faoliyati 2017-yilda Davlat Soliq Qoʻmitasi qoshidagi Mirzo Ulugʻbek tuman Davlat Soliq inspeksiyasida "Tahlil va prognozlash" boʻlimida davlat soliq inspektori lavozimida boshlangan. Oʻzining aʼlo ish faoliyati va intilishi tufayli u 2018-yilda "Soliq toʻlovchilar bilan ishlash" boʻlimiga davlat soliq inspektori lavozimiga tayinlandi. 2019-yilda esa "Yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatish" boʻlimida davlat soliq inspektori sifatida faoliyatini davom ettirdi va 2020-yilda "Hisobni yuritish va byudjet daromadlarini prognozlashtirish" boʻlimi davlat soliq katta inspektori lavozimiga koʻtarildi.
Fazilat soliq tizimida ishlash bilan birga, hisobchilik sohasini ham puxta oʻrgangan. Shu bilan birga, u 2019-2023 yillar davomida Davlat soliq idorasidagi faoliyati bilan birgalikda, bir nechta korxonalarda bosh hisobchi lavozimida ham samarali ish olib bordi.
Uning doimiy intilishi va rivojlanishga boʻlgan ehtiyoji uni xorijiy tillarni oʻrganishga undadi. Bu yoʻnalishda ham muvaffaqiyatlarga erishgan Fazilat 2023-yilda Buyuk Britaniyaning nufuzli Oxford Brookes Universitetining magistratura bosqichi talabasi boʻldi.
Oʻqish davrida u ilmiy faoliyat bilan ham shugʻullanib, Amerika Qoʻshma Shtatlarining "Best Journal of Innovation in Science, Research and Development" jurnali va Xalqaro ilmiy "Science and Innovation" jurnalida bir nechta maqolalar chop etdi.
Fazilatning ilmiy faoliyati 2024-yilda xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etish bilan davom etdi. U Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, Fan va Innovatsiyalar Vazirligi, Fan va Texnologiyalar Universiteti hamda Xalqaro Ilmiy jurnal "Science and Innovation" hamkorligida tashkil etilgan «GREEN ECONOMY - THE ECONOMY OF THE FUTURE: INNOVATIONS, INVESTMENTS AND PROSPECTS» mavzusidagi Xalqaro Ilmiy-Amaliy konferensiyada "Problems and Opportunities of Digital Finance for Financial Inclusion and Innovation in Uzbekistan" mavzusidagi chiqishi bilan ishtirok etdi.