Gʻaniyeva Maftuna Abduaziz qizi 1997-yil, 25-mayda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida xizmatchi oilasida tugʻilgan. 2004-yilda Boyovut tumanidagi 4-umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga qabul qilingan. Maftuna maktabda oʻtkazilgan maʼnaviy tadbirlarni faol qatnashchisi boʻlgan. Matematika fanidan oʻtkazilgan “Bilimlar bellashuvi”, “Olimpiada” bellashuvlarida tuman, viloyat bosqichida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan.
Ushbu maktabni 2013-yilda aʼlo baholar bilan tamomlagan.
2013-2016-yillarda Boyovut ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida tahsil olgan. 3 yillik oʻqish mobaynida kollej direktori tomonidan ota-onasi nomiga koʻplab rahmatnoma, tashakkurnoma xatlari yuborilgan.
2016-yilda Guliston davlat universitetining “Boshlangʻich taʼlim va sport tarbiyaviy ish” yoʻnalishiga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan. Ilmga chanqoqligi tufayli talabalik davridayoq 20-dan ortiq ilmiy maqolalari nashr etilgan. 2017-yilda “FILOLOGIYA MASALALARI YOSH TADQIQOTCHILAR NIGOHIDA” respublika ilmiy-amaliy anjumanida qatnashib, “ENG DOLZARB MAVZU MUALLIFI” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va diplom, esdalik sovgʻalar bilan taqdirlangan.
Talabalik davrida Maftunaning muallifligi ostidagi maqolalar Qozogʻiston, Rossiya, Amerika, Germaniya jurnallarida nashr etilgan. Maftuna universitetda oʻtkazilgan tadbirlarda faol qatnashgan.
“Munozara”, “Zakovat” kabi ilmiy
musobaqalarni doimiy qatnashchisi va tashkilotchisi boʻlgan.
2020-yilda universitetni imtiyozli diplom asosida tamomlab, shu yilni oʻzidayoq Guliston davlat universitetining “Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” yoʻnalishiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan.
Magistrlik davrida Maftuna ilmiy izlanishdan toʻxtamadi. Ilmiy mavzusi yuzasidan oʻnlab maqolalari Respublika va xorijiy jurnallarda nashr etildi. Magistrlik davrida oʻzining tirishqoqligi, aʼlo oʻqishi, maʼnaviyati va namunali xulqi bilan boshqa magistrlarga oʻrnak boʻlib keldi. Maftuna magistrlik davrida bir necha marotaba rektorning tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangan.
Maftuna 2022-yilda M.Jumayev rahbarligi ostidagi “Boshlangʻich sinflarda ixtirochilik muammolar yechimiga oid topshiriqlar tizimini ishlab chiqishning ilmiy-metodik asoslari” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va magistraturani ham imtiyozli diplom bilan tamomladi. Magistraturani bitirgandan soʻng ham Maftuna ilmiy izlanishlarini davom ettirdi.
2022-yil 8-oktabrda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filialida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyasida ilmiy maqolasi bilan qatnashib, “Renessans davri ilmiy tadqiqotlar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2022-yil dekabr oyida “Science and innovatsion” xalqaro ilmiy jurnali tomonidan tashkil etilgan “Olimlar bayrami” da “ILM-FAN TARGʻIBOTCHISI” koʻkrak nishoni va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlangan.
Maftuna Guliston davlat universitetiga tayanch doktoranturaga hujjat topshirdi va tanlov natijalariga koʻra eng yuqori ballar bilan, birinchilar qatorida oʻqishga qabul qilindi.
2023-yil yanvar oyidan boshlab Guliston davlat universiteti tayanch doktoranti sifatida ilmiy faoliyatni boshladi.
2023-yil 6-yanvarda “Taʼlim-tarbiya jarayoniga innovatsion yondashuvlar, muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida qatnashib, “Taʼlim fidoyisi” esdalik koʻkrak nishoni va “Ilm-fan targʻibotchisi” statuetkasi bilan taqdirlangan.
2023-yil 22-fevralda “Milliy ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ilmiy maqolasi bilan qatnashib, “Milliy ilmiy tadqiqotlar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.
2023-yil 23-dekabr kuni “Science and innovatsion” xalqaro ilmiy-jurnali va UzReportTv telekanali hamkorligida tashkil etilgan tantanali “Olimlar bayrami”da tanlov natijalariga koʻra “Yilning eng yaxshi ilm-fan targʻibotchisi” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan.
Maftuna 2023-yilda Guliston davlat pedagogika institutining pedagogika kafedrasida ish boshladi. Fakultet va kafedraning maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarida,
oʻquv-tarbiyaviy ishlariga faol qatnashib kelmoqda. Bugungi kunga qadar Maftunaning 50 dan oshiq ilmiy maqolalari, 2 ta oʻquv qoʻllanmasi va 2 ta monografiyasi nashr etilgan.
Maftuna oʻz ustida tinimsiz ishlaydi, mehnatsevar, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi, jonkuyar ustoz, mohir pedagog, shu bilan birga oʻziga nisbatan oʻta talabchan, kasbdoshlari va talabalar orasida eʼtibor qozongan. U tajribali tashkilotchi, malakali pedagog, oʻz faoliyati davomida ilmiy-pedagogik salohiyati va tajribasini yosh avlodga ilm berish va ularni tarbiyalashga bagʻishlab kelmoqda.
Fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqotlar asosida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, yoshlarni ilmiy-ijodiy faoliyatga pedagogika sohasida boshlangʻich sinf oʻqituvchilarini mantiqiy tafakkurini rivojlantirish yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Yuqori bilim va ilmiy salohiyati, izlanuvchanligi hamda ilmiy sohadagi muvaffaqiyatlari bilan yoshlarga oʻrnak boʻlmoqda.