Tursunova Dildora Ziyadullayevna, 1987-yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan, millati oʻzbek, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, oilali, ikki nafar farzandi bor, maʼlumoti oliy.
D.Tursunova mutaxassisligi boʻyicha Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini 2011-yil “Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari” taʼlim yoʻnalishining bakalavr bosqichini hamda 2022-yil “Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (Boshlangʻich taʼlim)” taʼlim yoʻnalishining magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. 9 yillik ish stajiga ega.
Mehnat faoliyatini 2016 – 2022-yillar mobaynida Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 21-sonli Mehribonlik uyida tarbiyachi hamda metodist lavozimida samarali faoliyat yuritgan. Yaʼni, mazkur tashkilotdagi faoliyati davomida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar bilan taʼlim-tarbiya tizimida pedagogik faoliyatni tashkiliy, ilmiy-metodik, axborot taʼminotini amalga oshirish, shuningdek maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish, tegishli dasturlar, meʼyoriy hujjatlar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshirib kelgan.
2022-yilning 5-may sanasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida davolanayotgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim va tarbiya hamda umumiy oʻrta taʼlim berish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 234-sonli qaroriga muvofiq 2022-yil 16-may kuni Oʻzbekiston Respublikasida ilk marotaba gospital maktab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi Markazida “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi tashkil etildi. Gospital taʼlim - uzoq muddatli davolanayotgan va sogʻligʻi sababli taʼlim muassasasiga bora olmaydigan bolalarni oʻqitishni tashkil etish bilan bogʻliq pedagogikaning boʻlimidir. Gospital pedagogikasi pedagogikaning bir qismi boʻlib, oʻz eʼtiborini oʻquvchilarning alohida toifasiga - uzoq muddatli davolanishga muhtoj bolalarga qaratadi.
D.Tursunova oʻzining tashabbusi bilan 2022-yildan buyon “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish boʻyicha pedagog xodim lavozimida oʻz faoliyatini olib bormoqda.
Faoliyati jarayoniga sohaga oid meʼyoriy hujjatlar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshirib kelganligi, shuningdek, muassasaning rejali ishlarini bajarishda va jamoat ishlarida faol ishtirok etganligi uchun bir necha marta rahbariyat tomonidan tashakkurnomalar hamda 2024-yil “Zamin” xalqaro jamoat fondi raisining Tashakkurnomasi bilan taqdirlangan. U yuqori malakali pedagog boʻlib, uzoq yillik hayotiy tajribaga hamda taʼlim sohasida katta obroʻ-eʼtiborga ega.
D.Tursunova gospital taʼlim tizimida ona tili, oʻqish savodxonligi hamda matematika fanlarini oʻqitishda zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va taʼlim jarayonida didaktik oʻyinlarni qoʻllash vositasida oʻquvchilarda faol harakat va qiziqish uygʻotish maqsadida qator ilmiy uslubiy qoʻllanmalar muallifidir.
Yaʼni, “Gospital taʼlimning boshlangʻich sinf darslarida didaktik oʻyinlardan foydalanish (Gospital taʼlimning boshlangʻich sinf pedagoglari uchun metodik qoʻllanma) ishlanmasi nashrdan chiqdi.
Shuningdek gazeta va jurnallarda “Mehrli maktab”da nutqiy,pedagogik va psixologik dars tashkil qilish”, “Gospital taʼlimda dars tashkil qilish”, “Boshlangʻich sinflarda grammatik tushunchalar tavsifi”, Boshlangʻich sinfda oʻrganiladigan grammatik tushunchalar”, “THE IMPORTANCE OF DIDACTIC GAMES IN THE ORGANIZATION OF CLASSES IN THE PRIMARY CLASSES OF THE HOSPITAL SCHOOL”, “Gospital taʼlimda oʻquvchi shaxsiga yoʻnaltirilgan oʻquv jarayonini tashkil etish”, “Pedagogik muammo sifatida gospital taʼlimda oʻquvchi shaxsiga yoʻnaltirilgan oʻquv jarayonini tashkil etish” kabi ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari ham chop etilgan. Uning ilmiy qiziqish koʻlami keng, u koʻpgina respublika, hududiy ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiya va seminarlarda muntazam ravishda oʻzining ilmiy yondashilgan gʻoyalari bilan qatnashib kelmoqda.
Mehnat faoliyati jarayonida D.Tursunova oʻz zimmasidagi vazifalarni, ijro intizomi va ichki mehnat tartibi qoidalariga rioya qilishi, xizmat doirasida berilgan topshiriqlarni soʻzsiz bajarishi, ish faoliyatiga daxldor huquqiy-meʼyoriy hujjatlarni talab darajasida yuritishda oʻzini koʻrsatib kelmoqda.
Yaʼni boshlangʻich taʼlimda oʻqitiladigan dars mashgʻulotlarini innovatsion va pedagogik texnologiyalarga asoslangan holda tashkil qilish va oʻtkazish, maʼnaviy-maʼrifiy hamda tarbiyaviy ishlarni muhim va dolzarb masalalarini mustaqil tadqiq qilishda layoqatli xodim sifatida tanildi.
Hozirgi vaqt mobaynida T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutining mustaqil izlanuvchisi sifatida mamlakatimizda birinchilardan boʻlib “Gospital taʼlimda oʻquvchi shaxsiga yoʻnaltirilgan oʻquv jarayonini tashkil etishning pedagogik shart-sharoitlari” mavzusida 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi ixtisosligi boʻyicha pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish boʻyicha dissertatsiya ishi ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
D.Tursunova doimiy ravishda oʻz malakasini, siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-nazariy saviyasini oshirish ustida ishlaydi. Har qanday ishda tashabbuskor, jurʼatli, toʻgʻri soʻz, maʼnaviy yetuk, oʻz kasbdoshlariga nisbatan doimiy mehribon va gʻamxoʻr boʻlishi bilan bir qatorda jamoat orasida alohida hurmatga ega.