Rustambekov Ismoilbek Otabek oʻgʻli 2000 - yil 5 - aprelda Toshkent shahrida arxitektor-quruvchilar oilasida tugʻilgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
2006-2015 - yillarda Toshkent shahar Olmazor tumani 146 - umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqigan.
2015-2018 – yillarda Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kollejida tahsil olgan. Kollejni imtiyozli diplom bilan bitirgan.
2018 yili Toshkent Davlat Agrar Universitetiga “Agrosanoatda buxgalteriya hisobi” yoʻnalishiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan va 2022 yili tamomlagan.
2021-2022 yillari Serbiya Oliy Landshaftchilar Maktabida “Landshaft dizayni” yoʻnalishida taʼlim olgan.
2024 yili Toshkent Kimyo Xalqaro Universitetining “Shaharsozlik va landshaft arxitekturasi” magistratura yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilindi.
2018 yilda Oʻzbekiston taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Chilonzor va Yakkasaroy tuman kengashlarida kichik mutaxassis sifatida oʻz mehnat faoliyatini boshlagan.
2018-2020 yillarda “Zaxriddin flowers” pitomnigida buxgalter va bosh buxgalter vazifasida faoliyatini davom ettirgan.
2020 yili Germaniyaning UNIVERSITÄT STUTGARRT (Shtutgart universiteti)da ARCHITEKTUR UND STADTPLANUNG (Arxitektura va shaharsozlik) yoʻnalishida malaka oshirishga grant qoʻlga kiritadi lekin, pandemiya tufayli oxiriga yetmaydi.
2020 yil oxiridan “Zaxriddin flowers” pitomnigida dendrologiya va landshaft dizayni boʻlimi mudiri, pitomnik bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Mazkur davr mobaynida Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilgan landshaft festivallari tashkilotchisi sifatida tanilgan.
Har yili oʻzi faoliyat yuritadigan kompaniyaning shourumi va seleksiya zonasida Eko tadbirlar, atirgullar sayli, Landshaft festivalini oʻtkazadi. Festival va sayllarda Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Polsha va shu kabi koʻchatchilik hamda manzarali bogʻdorchilik sohasida ilgarilab ketgan mamlakatlar mutaxassislari tashrif buyuradilar.
Maktab oʻquvchilari va havaskor bogʻbonlar uchun alohida ekskursiya va oʻquv-amaliy seminarlar tashkillashtirib keladi va bu bilan barchani ekologik savodxonligini oshirishga ulkan hissa qoʻshadi.
2023 yil oʻzining ilk “Makrofila gortenziyalarini parvarishlash” oʻquv-qoʻllanma jurnalini ommaga taqdim etdi. Ushbu qoʻllanma Oʻzbekistondagi ilk tadqiqotlarga asoslangan va zamonaviy bogʻdorchilikda ishlatiladigan butani Oʻzbekiston iqlimi boʻyicha yetishtirishni oʻrgatadi.
2024 yil esa, uning faoliyatidagi samarali va yutuqlarga boy boʻldi. Xususan, yil boshida MDH mamlakatlari orasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy koʻrik tanlovining “Eng yaxshi xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu nishon Oʻzbekistonda zamonaviy bogʻdorchilikni rivojlantirishda koʻrsatayotgan jonbozligi va dendrologiya sohasidagi faol tadqiqotlari uchun taqdim etildi.
2024 yil 29 mart kuni esa IFLA Worldʼning 75 yilligi munosabati bilan aʼzolikka qabul qilingan eng birinchi oʻzbek landshaft arxitektoriga aylandi. Qolaversa, nafaqat Oʻzbekistonda balki, Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida ham birinchi hisoblanadi.
Qolaversa, joriy yilning 2024 yil 2-3 sentyabr kunlari Istanbulda boʻlib oʻtuvchi 2024 IFLA WORLD COUNCIL CONFERENCE (2024 yil IFLA Butunjahon kengashi konferensiyasi)da “CONCEPT OF ANALYSIS IN LANDSCAPE DESIGN AND ITS SIGNIFICANCE” mavzusida soʻzga chiqish qilishga yoʻllanma oldi. Bu esa, landshaft sohasida Oʻzbekiston mutaxassislari ham ancha mohir ekanligini, shu bilan bir qatorda mamlakatimiz shuhratini yana bir pogʻonaga yuksaltiradi.
IFLA oʻzining aʼzo assotsiatsiyalari va mintaqalari orqali hamda BMT, YuNESKO, UIA kabi davlat va nodavlat tashkilotlarida rasman landshaft arxitektorlarining - jahon arxitektorlari tashkiloti hisoblanadi. Ushbu tashkilot 50 ga yaqin mamlakatdagi shu soha uyushmalari va ilmiy-tadqiqot institutlarini hamda, tanlangan mamlakat mutaxassislarini aʼzolikka olga ulkan tashkilot hisoblanadi.
Joriy yil iyul oyida esa, navbatdagi “Oftob gortenziyalari” mualliflik oʻquv-qoʻllanmasini taqdim etdi. Ushbu qoʻllanma ham Oʻzbekiston iqlimida hydrangea paniculata oʻsimligini parvarishlash boʻyicha yozilgan boʻlib, havaskor va sohaga endi kirib kelayotgan tadqiqotchilarga anchagina samarali yordam beradi.
Hozirda Toshkent Kimyo Xalqaro Universitetida Jizzax viloyati Marjonbuloq shahri misolida “Choʻl hududlaridagi kichik shaharlarning meʼmoriy - landshaftini takomillashtirish yoʻllari” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini yozishda, faol ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Rossiya, Italiya, Germaniya va Turkiya mamlakatlarida shaharsozlikka oid boʻlgan dolzarb mavzularda bir nechta ilmiy maqolalarining chop etilgani ham tahsinga sazovor.
Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy tarmoqlarda ham faol. Instagram ijtimoiy tarmogʻida 25 mingdan ortiq obunachilariga ega va ularga bogʻ yaratish, dizayn hamda ularni parvarishlash boʻyicha maʼlumotlar berib keladi.
Sanʼat vakillari hamisha serqirra ijodkor boʻladi. Ismoilbek Rustambekov fortepiano chalishni, sheʼr yozishni maromiga yetkazadi.
Qolaversa, u poligon odamlardan biri. Ingliz, turk, rus tillarida erkin hamda nemis va fransuz tillarida ham muloqot qila oladi.