Orziqulova Charoz Raxmatovna 1982 yilda Fargʻona viloyati Fargʻona tumanida tugʻilgan. 1989-1999 yillari – 3-umumtaʼlim maktabi, 2000-2004 yillari – Fargʻona davlat universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya yoʻnalishi mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat bosqichi va 2021-2022 yili Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universitetining ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya kafedrasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
2004-2005 yy.- Fargʻona tumanidagi
1-maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyachisi, 2005-2014 yy.- Fargʻona tumanidagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabi psixologi,
2014-2016 yy. - Fargʻona tumani xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi tashxis markazi psixologi,
2016-2017 yy.- Fargʻona tumani xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi maktabgacha taʼlim muassasalari metodisti, 2017-2019 yy.- Fargʻona tumani maktabgacha taʼlimi boʻlimi metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari xamda oʻqitishning muqobil shakllarini tashkil etish shoʻba mudiri;
2019-2019 yy - Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi boshlangʻich taʼlim muassasalarida psixologik xizmat koʻrsatish boʻlimi psixolog metodisti;
2019 – 2021 yy. - Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi Xalq taʼlimi tizimida ijtimoiy psixologik faoliyatni tashkil etish boʻlimi psixolog metodisti; 2022-2023 yy - Fargʻona Davlat universiteti Psixologiya kafedrasi oʻqituvchisi; 2023-yil sentyabr oyidan Renessans taʼlim universiteti Pedagogika-Psixologiya kafedrasi katta oʻqituvchisi lavozimida oʻz faoliyat yuritib kelmoqda.
Orziqulova Charoz Raxmatovna mehnat faoliyati davomida oʻzini bilimli, namunali, intiluvchan xodim sifatida koʻrsatib kelmoqda. U oʻz kasbini puxta egallagan, gʻayratli, oʻziga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sirtqi dildan bajaradi shu bilan birga qoʻl ostidagi xodimlarni hurmat qiluvchi inson.
Ch.Orziqulova 2019 yilda Xalq taʼlimi vazirligi qoshidagi Respublika tashxis Markaz tomonidan Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarida tashkil etilgan “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish markaz”lari uchun bir qator metodik qoʻllanmalar, bukletlar tayyorlash bilan bir qatorda psixologlar uchun trening mashgʻulotlari va oʻquv qoʻllanmalari tayyorlagan;
2019 yil oktyabr oyida “Mehr-2” insonparvarlik dasturi doirasida Iroq davlatidan bolalarni olib kelishda faol ishtirok etdi. Dasturda faol ishtirok etgani munosabati bilan Xalq taʼlimi vazirligining tashakkurnomasi hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan bir necha bor taqdirlandi.
2019 yil. Harbiy toʻqnashuv joylaridan qaytgan voyaga yetmaganlar va ularning oilalarini psixologik-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida YuNISEF tashkilotining ijtimoiy koʻmagida 2019 yil 16-18 dekabr kunlari Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida mehribonlik uyining ijtimoiy xodimlari va psixologlariga trenerlar tayyorlash boʻyicha “Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalarida tutingan ota-onalarni tayyorlov kurslarini tashkil etish” boʻyicha Ch.Orziqulova trener sifatida Respublika miqyosida master klass ishlarni olib bordi. Ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilarining huquqiy va maʼnaviy bilimlarini oshirishga qaratilgan “case-study”, bahs-munozaralar, vaziyatli oʻyinlar, aqliy hujum kabi ilgʻor interaktiv oʻqitish usullarini jamlagan trening mashgʻulotlari dasturini ishlab chiqdi. Yaratilgan dastur asosida ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan har oyda ikki marta psixologik trening mashgʻulotlari olib bordi. Mazkur mashgʻulotlar yosh mutaxassis amaliyotchi psixologlar uchun namuna vazifasini oʻtab kelmoqda.
Ch.Orziqulova 2020 yilda Xalq taʼlimi vazirining “Sirdaryo viloyati umumtaʼlim maktablarida taʼlim sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019 yil 10 dekabrdagi 396-son buyrugʻi bilan viloyatdagi umumtaʼlim maktablari rahbarlari va 10-11-sinflarda dars beradigan fan oʻqituvchilari uchun “Oʻsmir yoshi psixologiyasi” “Stress-menejment” hamda “Pedagogik psixologiya” yoʻnalishda mavzular, oʻquv-trening mashgʻulot dasturlari ishlab chiqildi. Tasdiqlangan jadval asosida Ch.Orziqulova tomonidan yanvar-fevral oylarida haftaning ikki kuni davomida Sirdaryo viloyatining tuman (shahar)larida namunaviy (koʻrgazmali-amaliy) trening mashgʻulotlari oʻtkazdi.
Bundan tashqari xalq taʼlimi tizimidagi pedagog kadrlarning kasbiy soʻnish holatlarini oldini olish, ulardagi stress holatlari profilaktikasi hamda koping-strategiyalar haqida bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida maktab psixologlari uchun “Stress-menejment” va “Ijobiy psixologiya” mavzusida oʻquv-trening mashgʻulotlari dasturi Ch.Orziqulovaning faol ishtiroki asosida ishlab chiqildi.
2020 yil Respublika tashxis markazida Respublika viloyat, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimining metodis-psixologlari uchun oʻquv-trening mashgʻulotlari tashkil etildi. Oʻquv-trening jarayonida master klasslarni qanday oʻtkazilishi metodlarini Ch.Orziqulova trener-ustoz sifatida mashgʻulotlarni oʻtkazish mexanizmlarini yosh amaliyotchi psixologlarga har tomonlama koʻrsatib, izohlab uning mohiyatini toʻla ochib bera oldi.
“Harbiy toʻqnashuv joylaridan qaytgan voyaga yetmaganlar va ularning oilalarini psixologik-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida YuNISEF tashkilotining ijtimoiy koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi bilan hamkorlikda “Voyaga yetmaganlarni mustaqil hayotga tayyorlash, sogʻlom turmush tarzi va ijtimoiy koʻnikmalarini rivojlantirish” mavzusida oʻquv-treningda ishtirok etdi hamda trener sifatida mahoratini namoyon etish natijasida sertifikat oldi.
2020 yilda Ch.Orziqulova Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasini tarqalishini oldini olish va aholi salomatligi taʼminlash borasida joriy etilgan karantin davrida maktab oʻquvchilari va ularning ota-onalarini psixologik qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Respublika tashxis markazi”, “Hayotga qoʻshil” telegram hamda feyzbuk kanallari orqali oʻz videoroliklari, tavsiyalari, taqdimotlari bilan faol ishtirok etdi. Mazkur kanalda foydalanilgan: “Psixologik maslahat. Oʻquvchilar oʻqituvchilar, ota-onalarning psixologik madaniyatini shakllantirish”, “Voyaga yetmagan yoshlar tushib qolishi mumkin boʻlgan ekstremal vaziyatlarni yoshga davrlari asosida oʻrganilishi” kabi tavsiya va taqdimot maslahatlari respublika amaliyotchi psixologlari tomonidan oʻz faoliyatlarida amaliy jihatdan faol foydalaniladi.
2020 yil 22, 23, 24 sentyabr kunlari Samarqand viloyatidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan amaliyotchi psixologlar uchun “Tanglik holatini yosh davrlar ontogenez bilan bogʻliq krizislari va uning psixologik asoslari” mavzusida ZOOM dasturi orqali vebinar maʼruza mashgʻulotlari hamda seminar mashgʻulotlarini tashkil etdi.
Ch.Orziqulova tomonidan 2020 yil oktyabr oyida Respublika miqyosida barcha viloyatlar tuman metodist psixologlari uchun “Voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv salomatligini saqlash, jinsiy tarbiya va ularni oilaviy hayotga tayyorlash”, “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilar oʻrtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik va oʻz joniga qasd qilishni oldini olish” boʻyicha Namunaviy ish reja va ikki qismdan iborat “Psixolog praktikumi” metodik qoʻllanma taqdimotini oʻtkazish boʻyicha ZOOM dasturi orqali vebinar mashgʻulotlari tashkil etdi. Mazkur maʼruzalar boʻyicha oʻtkazilgan test soʻrovi natijalariga koʻra Ch.Orziqulova eng kuchli notiq va amaliyotchi psixolog sifatida taʼkidlandi.
2020 yilda COURSERA Xalqaro platformada oʻqib, 7 ta sertifikatni qoʻlga kiritdi.
Ch.Orziqulova yangiliklarga intilib, amaliyotchi psixologlar oʻrtasida taʼlim sohasidagi yangiliklarga tayangan holda har oyda viloyat seminarlarini oʻtkazadi va ish tajribasini yosh pedagoglar, sinf rahbarlar, maktab rahbarlari va amaliyotchi psixologlarga oʻrgatib boradi.U bolalarni juda sevadi, oʻz muammolari bilan tashrif buyurgan har bir fuqaroga koʻlidan kelgancha yordam beradi.
Yosh amaliyotchi psixologlarning maslahatchisi va ustozi sifatida ham oʻziga xos nufuzga egadir. Respublikamizning barcha hududlarida faoliyat koʻrsatayotgan psixologlar muntazam ravishda Ch.Orziqulovadan metodik maslahatlarni olishib oʻz amaliy bilimlarini boyitib borishadi.
2021 yil guvohnoma № 37688, 15-m. 18.03.2021 yil “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi” davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Ch.Orziqulova tomonidan ijtimoiy psixologiya, yoshlarning axloqiy kamoloti, deviant xulqli bolalar bilan ishlash, shaxs farovonligi, yuksak maʼnaviy hislarni yoshlarda shakllantirishning ijtimoiy psixologik qirralari, taʼlim va tarbiya jarayonining ijtimoiy psixologik muammolariga taalluqli boʻlgan 50 dan ortiq Respublika va Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda maqola va tezislari hamda ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalari chop etilib, bu ilmiy maqolalar oʻzining puxtaligi bilan ajralib turadi.