MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

JUMAYEV MANSUR  TURAYEVICH

JUMAYEV MANSUR TURAYEVICH

Shoir, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

Jumayev Mansur Turayevich 1991-yil 17-fevralda Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida tugʻilgan. Millati oʻzbek. Maʼlumoti oliy. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.

1998 – 2007-yillarda Qarshi shahridagi 18-umumtaʼlim maktabida tahsil olgan.

2007 – 2010-yillarda Qarshi davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyining Xorijiy filologiya fakultetida oʻqigan.

2011 – 2015-yillarda Respublika vaqtli matbuotida musahhih, muxbir boʻlib ishladi.

2012 – 2016-yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

2015 – 2017-yillarda “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotida ilmiy muharrir vazifasida faoliyat yuritdi.

2017 – 2018-yillarda Respublika yosh ijodkorlar kengashida bosh mutaxassis; 2018 – 2019-yillarda “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida muharrir vazifalarida ishlagan.

2019-yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Ijodiy kengashlar kotibiyati boʻlimi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Mansur Jumayev 2016-yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan “Mahorat maktabi” Respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy seminarida sheʼriyat yoʻnalishida ishtirok etib, diplom bilan taqdirlangan va sheʼrlari ustoz ijodkorlar tomonidan kitob sifatida chop etish uchun tavsiya etilgan.

Shoirning “Oq orzularim” nomli ilk kitobi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida 2017-yilda 10 000 nusxada (3000 nusxasi – kirill, 7000 nusxasi – lotin alifbosida) chop etilib, respublikamizdagi taʼlim muassasalarining kutubxonalariga tarqatildi.

2021-yilda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Nazm boʻstoni” seriyasida shoirning “Hayrat qoʻshiqlari” nomli ikkinchi kitobi nashr etildi.

2024-yilda shoir Mansur Jumayevning “Hazrati ishq” nomli kitobi nashr etildi. Bu kitob Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan “Vatan uchun yashaylik” Respublika tanlovining mukofotiga loyiq topildi.

Mansur Jumayev Ozarbayjon (Shusha, 2022)da oʻtkazilgan turkiy davlatlar shoirlarining sheʼriyat festivalida muvaffaqiyatli qatnashib, diplom bilan taqdirlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan hamkorlikda butun yurtimiz boʻylab tashkil etilgan “Vatan manzumasi” maʼrifiy dasturining ishtirokchisi boʻlgan Mansur Jumayev 2 yil davomida “Turkiston” sanʼat saroyi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlar katta sahnalarida oʻzining vatanparvarlik ruhida yozilgan sara sheʼrlari bilan munosib qatnashdi.

Mansur Jumayevning koʻpgina sheʼrlari va hikoyalari ingliz, rus, vyetnam, turk, tojik, ozarbayjon, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilinib, Rossiya Federatsiyasi (“Kamerton”, “Novaya literatura”), Turkiya, Ozarbayjon, Vyetnam, Tojikiston kabi davlatlarning bosma va elektron nashrlarida eʼlon qilingan.

Shoir Mansur Jumayev sheʼr va hikoyalari bilan bir qatorda jurnalistik va publitsistik chiqishlari – oʻziga xos maqolalari bilan ham oʻquvchilar eʼtiborini qozongan. 

Shuningdek, uning tarjimon sifatida May Van Fan (Vyetnam), Ahmad Shomlu (Eron) ijodidan qilgan tarjimalari ijod ahli tomonidan eʼtirof etildi.

Shoirning “Biz kutgan fasl” nomli navbatdagi kitobi chop etilish arafasida.