MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

IRISQULOV FARXOD SULTONBOYEVICH

IRISQULOV FARXOD SULTONBOYEVICH

Xalqaro Nordik Universiteti Ilmiy va innovatsion tadqiqotlar departamenti boshligʻi

Irisqulov Farxod Sultonboyevich 1984-yil 4-avgust kuni Namangan viloyati, Yangiqoʻrgʻon tumanida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.

1990-1998-yillar Toshkent shahrida boshlangʻich taʼlimni olib, umumiy oʻrta taʼlimni Namangan shahar 39-oʻrta maktabda yakunladi.

1998-2000-yillarda Namangan muhandislik pedagogika instituti qoshidagi Doʻstlik akademik litseyini tamomladi.

2000-2004-yillarda Namangan muhandislik pedagogika institutini “Informatika va axborotlar texnologiyasi” yoʻnalishini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

2004-2006-yillar Namangan muhandislik pedagogika institutida Kasb taʼlimi: Informatika va axborotlar texnologiyasi mutaxassisligi boʻyicha magistrlik darajasini olgan.

2023-yildan Namangan muhandislik pedagogika instituti doktoranti.

Talabalik davrlarda 2003-yil iqtidorli talabalar oʻrtasida boʻlib oʻtgan Prezident va nomdor davlat stipendiyalari tanlovlarida gʻolib boʻlib, Beruniy nomidagi stipendiya sohibi boʻlgan.

2002-2004-yillarda Oʻzbekistonda oʻtkazilgan SIFE (Students in Free Enterprise) Butunjahon dasturida Namangan muhandislik-pedagogika instituti rezidenti sifatida ishtirok etgan. Ushbu dastur talabalarning tadbirkorlik va ijtimoiy tashabbuslari orqali global iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatish va ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlib, 2003-yil Namangan muhandislik-pedagogika instituti talabalari jamoasi tomonidan taklif etilgan loyihalar, respublika miqyosida oʻtkazilgan oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi tanlovda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hamda Ispaniyaga Jahon miqyosida boʻlib oʻtadigan tanlovga yoʻllanma olgan.

F.Irisqulov oʻz mehnat faoliyatini Namangan viloyat kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti metodisti (2006-2012 yy.), Namangan muhandislik-pedagogika (2017 yildan muhandislik-qurilish) instituti kasb taʼlimi (informatika va axborot texnologiyalari) kafedrasi oʻqituvchisi (2012-2018 yy.), Namangan muhandislik-qurilish instituti ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi (2018-2023 yy.) hamda mazkur institut qoshidagi “Texnologiyalarni qoʻllab quvvatlash markazi” mutaxassisi (2021-2023 yy.) lavozimlarida faoliyat yuritgan. Hozirda Xalqaro Nordik Universiteti Ilmiy-innovatsion tadqiqotlar departamenti boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

U oʻz mehnat faoliyatida koʻplab talabalarni IT yoʻnalishdagi start up loyihalariga ilmiy maslahatchilik qilgan.

Xalqaro va respublika miqyosidagi koʻplab ilmiy konferensiyalarda qatnashib, 30 dan ortiq ilmiy maqolalari va mualliflik huquqlari boʻyicha guvohnomalarini muvaffaqiyatli nashr etgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan                  moliyalashtirilgan loyihalarda katta ilmiy xodim lavozimida ilmiy-tadqiqоt ishlarini bajarishda ishtirоk etgan. Oʻzbekiston Respublikasi FVV akademiyasi huzuridagi fuqaro muhofazasi instituti bilan hamkorlikda bajarilgan xoʻjalik shartnomasida loyiha rahbari sifatida ishtirok etgan.

Bugungi kunda pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish maqsadida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.