Adhamov Shohjahon Abdullajon oʻgʻli 2000-yilda Andijon viloyatining Izboskan tumanida ziyoli pedagoglar oilasida tugʻilgan. 2016-yil Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabini aʼlo baholarga bitirgan. 2016-2019-yillarda Andijon viloyati Paxtaobod tibbiyot kollejining Davolash ishi yoʻnalishida tahsil olgan va ushbu kollejni aʼlo darajaga imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
Sh.A.Adhamov 2020-yilda Andijon davlat tibbiyot institutiga talabalikka qabul qilingan. Hozirda Andijon davlat tibbiyot instituti pediatriya fakulteti pediatriya ishi yoʻnalishining 5-bosqichida tahsil olmoqda.
Shohjahon Adhamovning ilmiy izlanishlari kichik maktab yoshidagi bolalar kraniometri koʻrsatkichlari oʻsishini dinamikada kuzatish, shakllanish muddatlari, oʻsish va rivojlanish qonuniyatlarini oʻrganish, jismoniy rivojlanishdan ortda qolish holatlarini erta aniqlashga bagʻishlangan.
Xalqaro va respublika miqyosidagi koʻplab ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar va koʻrik tanlovlarda ishtirok etib yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan. Xususan, "Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv" mavzusidagi Respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumanida 1-oʻrin gʻolibi (29-mart, 2024-yil, Andijon davlat tibbiyot instituti), "Zamonaviy nevrologiya va tibbiy psixologiya muammolari" Respublika ilmiy-amaliy anjumani "Yosh olimlar" tanlovi 2-oʻrin gʻolibi (24-25-aprel, 2024-yil, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali), "Talabalar tibbiyot ilmining zamonaviy yutuqlari" IV Xalqaro talablar ilmiy-amaliy anjumani "Morfologiya" yoʻnalishi mutlaq gʻolibi, 1-oʻrin sohibi (7-may, 2024-yil, Toshkent tibbiyot akademiyasi), Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalari va yosh olimlarining “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” 78-xalqaro ilmiy-amaliy anjumani "Fundamental tibbiyot" yoʻnalishi 1-oʻrin gʻolibi (17-18-may, 2024-yil, Samarqand davlat tibbiyot universiteti), "Sifatli taʼlim-taraqqiyot poydevori" mavzusidagi II Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasining tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha "Eng yaxshi maqola" nominatsiyasi gʻolibi (18-may, 2024-yil, Toshkent) va “Zamon talabi-kuchlilar sari” 31-Xalqaro talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasi "Morfologiya" yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin gʻolibi (31-may, 2024-yil, Buxoro davlat tibbiyot instituti) boʻlgan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan Respublika ilmiy-amaliy anjumanida “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va I darajali diplom bilan taqdirlangan.
Shohjahon Adhamov olib borilgan tadqiqot natijalari monografiyalar, ilmiy maqolalar, tezislar orqali yoritilgan. Xususan bu borada 2 ta monografiya, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan eʼtirof etilgan ilmiy jurnallarda 40 dan ortiq ilmiy maqola, xalqaro va respublika miqyosida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanlar, konferensiya materiallarida 30 dan ortiq tezislar chop etilgan.
Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Yangi Oʻzbekiston maʼrifatparvari” ilmiy-maʼrifiy maqolalar tanlovining tibbiyot yoʻnalishida “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi boʻyicha gʻolibi deb topilib tanlov esdalik nishoni va statuetkasi bilan taqdirlangan.
Shohjahon Adhamov Andijon davlat tibbiyot institutida “Yil talabasi-2023" tanlovining "Yilning oʻz mutaxassisligi boʻyicha eng bilimdon talabasi" nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻrin gʻolibligini qoʻlga kiritgan.
Ayni vaqtda tadqiqotchi talaba Shohjahon Adhamov Andijon davlat tibbiyot instituti Anatomiya va klinik anatomiya kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi G.J.Ulugʻbekovaning ilmiy rahbarligida maktab yoshidagi bolalar bosh sohasi kraniometrik koʻrsatkichlarining oʻsish dinamikasi ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.