MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

GʻOYIBOV  JOʻRABEK CHORIYEVICH

GʻOYIBOV JOʻRABEK CHORIYEVICH

Podpolkovnik Yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori(PhD)

Gʻoyibov  Joʻrabek  Choriyevich 1979-yil 14-sentyabrda  Buxoro viloyatining  Peshkoʻ  tumanida ziyoli oilada tugʻildi. 1987-1997  yillarda  Peshkoʻ tuman 12- umumtaʼlim maktabini tugatgan.

1997-2001 yillarda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini, 2001-2003 yillarda shu Akademiyaning  magistratura  yoʻnalishida  tahsil olgan.

Gʻoyibov  Joʻrabek  Choriyevich  oʻz mehnat faoliyati  davomida Buxoro viloyati  IIV xorijga chiqish kelish va fuqarolikni belgilovchi boʻlimi, chet el fuqarolarining kelishi va harakati ustidan nazoratni tashkil etish boʻlinmasi inspektori,  Buxoro shahar IIV tashkiliy-inspektorlik boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari-navbatchilik qismi boshligʻi, Buxoro viloyati IIV patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya xizmati boshligʻi, 2007-2012 yillarda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani IIV tergov boʻlinmasi  katta tergovchisi, 2015-2017 yillarda Buxoro viloyati  IIV  shaxsiy tarkib boʻyicha maxsus inspeksiyasi (mustaqil tezkor  boʻlimi huquqida) katta tezkor vakili,  2018-2022 yillarda Buxoro viloyati  IIV  migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan. 2022-yildan hozirga  qadar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi BUXORO AKADEMIK LITSEYI DIREKTORI  lavozimida ishlab kelmoqda.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston  Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Buxoro akademik litseyida intellektual salohiyatli, talabchan va izlanuvchan, fidoyi, mohir rahbar  sifatida oʻz mahoratini ayamay mehnat qilib kelmoqda.

U oʻz mehnat faoliyati davomida vatanga sodiq, namunali rahbar, insoniy xislatlarga ega shaxs sifatida  faoliyat yuritib kelmoqda.

Oʻz  sohasining  yetuk  mutaxassisi, kasbiy bilimga ega –J.Ch.Gʻoyibov oʻz jamoasida hurmatga sazovor insondir.

Gʻoyibov Joʻrabek Choriyevich 2022-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida migratsiya jarayonlarini maʼmuriy-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish” mavzusida tadqiqot olib borib, yuridik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi.

Oʻzbekiston Respublikasida migratsiya jarayonlarini maʼmuriy-huquqiy tartibga solinishini takomillashtirishga qaratilgan xulosa, tavsiya va takliflar ishlab chiqishdan iborat maqsadni amalga oshirish uchun tadqiqotchi quyidagi  vazifalarni bajardi: mamlakatimizda migratsiya jarayonlarini maʼmuriy-huquqiy tartibga solishning ijtimoiy zaruriyatini oʻrganish; Oʻzbekiston Respublikasida mehnat migratsiyasi jarayonlarini maʼmuriy-huquqiy tartibga solinishining huquqiy asoslarini tadqiq etish; migratsiyani maʼmuriy-huquqiy tartibga solishda xalqaro tashkilotlarning rolini tahlil qilish; rivojlangan xorij davlatlarining migratsiya jarayonlarini maʼmuriy-huquqiy tartibga solish boʻyicha tajribasini oʻrganish; Oʻzbekiston Respublikasida migratsiya jarayonlarini maʼmuriy-huquqiy tartibga solishning zamonaviy holatini tahlil qilish; migratsiya jarayonlarini mamlakatimizda maʼmuriy-huquqiy tartibga solinishini tashkil etishining xususiyatlarini oʻrganish; migratsiya boʻyicha jarayonlarni maʼmuriy-huquqiy tartibga solishning samaradorligini oshirish va uning maʼmuriy-huquqiy tartibga solinishini rivojlantirishga qaratilgan tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.

U  2019-yilda oʻz mutaxassisligi boʻyicha tajriba almashish maqsadida Xitoy xalq  Respublikasida xizmat safarida boʻldi.

J.Ch.Gʻoyibov tomonidan hozirgi kunga qadar  50 dan ortiq  ilmiy  ish eʼlon qilingan.

Gʻoyibov Joʻrabek Choriyevich Ichki ishlar vazirligi tizimidagi akademik litseylar faoliyatini yaxshilash  maqsadida IIV Akademiyasi, Huquq-tartibot Akademiyasi, Amir Temur nomidagi DXX Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti,  Bojxona Akademiyasiga tayyorlanadigan oʻquvchilar  uchun taʼlim sifatini yuqori natijalarga olib chiqish maqsadida tinmay mehnat qilib kelmoqda. Oʻquvchilarning ilm olishi uchun sharoitlar yaratib berilishi, chuqur bilim olishlari uchun bilimli, malakali oʻqituvchilarni izlab topishi uning saʼy-harakati natijasidir. Akademik litseyda  ilgʻor  texnologiyalarni joriy qilish orqali oʻquvchilarga taʼlim berish  usuli yoʻlga qoʻyilgan. U rahbarlik qilayotgan jamoada  sogʻlom muhit yaratilgan.

2024-yilda  J.Ch.Gʻoyibov va D.B.Zaripovalar tomonidan “Toʻgʻri yozish va huquqiy savodxonlik” oʻquv qoʻllanmasi nashrdan chiqdi.

Gʻoyibov Joʻrabek Choriyevich mehnatsevarligi, tirishqoqligi, fidoiyligi bilan oʻz jamoasi va Buxoro viloyat  ichki ishlar  xodimlari oʻrtasida hurmat-eʼtibor qozongan malakali, kasbiy bilimga ega, vatanparvar shaxsdir.

Oilali. Toʻrt nafar farzandi bor.