MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

OʻRINOV AKMALJON  AXMADJONOVICH

OʻRINOV AKMALJON AXMADJONOVICH

Fargʻona davlat universiteti Agrar qoʻshma fakulteti dekani

Oʻrinov Akmaljon Axmadjonovich 1975 yil 16 dekabrda Fargʻona viloyati Rishton tumanida tugʻilgan. Millati oʻzbek. Oilali. Maʼlumoti oliy. 1999 yilda Fargʻona davlat universiteti iqtisodiyot fakultetini tamomlagan. Ixtisosligi xalqaro iqtisodiy aloqalar. Iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent. Uch nafar farzandi bor.

Mehnat staji 25 yil.  Pedagogik faoliyati 24 yil. A.Oʻrinov mehnat faoliyatining 1999-2000 yillarda RIK “Uzinvestloyiha” Fargʻona boʻlimida iqtisodchi-mutaxassis sifatida boshlagan. 2000 yil yanvar oyidan boshlab avgust oyigacha TIF Milliy banki Fargʻona viloyati boʻlimida yetakchi mutaxassis, 2000 yil avgust oyidan boshlab dekabr oyigacha  Fargʻona  davlat universiteti “Bozor nazariyasi va agrobiznes” kafedrasi oʻqituvchisi, 2001-2003 yillarda Fargʻona  davlat universiteti aspiranti, 2004-2007 yillarda Fargʻona  davlat universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi oʻqituvchisi, 2007-2010 yillarda Fargʻona  davlat universiteti ijtimoiy-iqtisodiy fakultet dekani oʻrinbosari, 2010-2013 yillarda Fargʻona  davlat universiteti “Iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, 2013-2015 yillarda Fargʻona  davlat universiteti moliyaviy-iqtisodiy ishlar boʻyicha prorektori, 2015-2018 yillarda Fargʻona davlat universiteti “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri, 2018-2021 yillarda Fargʻona davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, 2021-2022 yillarda Fargʻona davlat universiteti moliya va iqtisod ishlari boʻyicha prorektori, 2022-2023 yillarda Fargʻona davlat universiteti xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori lavozimlarida ishlab keldi. 2023 yil 28 yanvardan boshlab Fargʻona davlat universiteti Agrar qoʻshma fakulteti dekani lavozimida ishlab kelmoqda.

Akmaljon Oʻrinov 2005 yil 27 oktyabrda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va iqtisodiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻldi. 2019 yil 28 fevralda iqtisodiyot nazariyasi ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvoniga ega boʻldi. Uning 100 dan ziyod mahalliy, xorijiy ilmiy maqolalari, 10 ta darslik, 1 ta monografiya, oʻquv qoʻllanma va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalari nashr etilgan hamda ular yuqori ilmiy saviyasi bilan ajralib turadi.

U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “Isteʼdod” jamgʻarmasi gʻolibi sifatida 2002 yil 20 oktyabrdan 9 noyabrgacha Rossiya Federatsiyasi I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat universitetida hamda 2011 yilning 15 noyabridan 7 dekabriga qadar Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay universitetida axborot texnologiyalari boʻyicha malaka oshirib qaytdi.

A.Oʻrinov oʻz faoliyati davomida asosiy eʼtiborni xorijiy grantlar bilan ishlashga qaratdi. Natijada uning boshchiligida Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasidagi 2016-2018 yillarga moʻljallangan “MAGNЕT – Universitetlar Oʻzbekistonda oʻrta yosh aholini oʻqitish va kasbiy tayyorlash markazlarining asosiy hamkori” nomli xalqaro loyiha yutib olindi va u mazkur loyihaning Oʻzbekiston boʻyicha koordinatori hisoblanadi. Xalqaro loyiha hisobidan 41 ming yevroga yaqin qiymatga ega boʻlgan zamonaviy jihozlar keltirildi. Shu bilan birga ushbu loyiha doirasida 2017 yil 25-26 yanvar kunlari Belgiyaning Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqining loyiha koordinatorlari uchrashuvida qatnashdi, 2017 yil 9-14 oktyabr kunlari Latviyaning Riga shahrida tashkil etilgan treninglarda faol ishtirok etdi.

Shuningdek, A.Oʻrinov 2021 yil 20-26 iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Kazan (Volgaboʻyi) federal universitetida boʻlib oʻtgan «Oznakomleniye s sistemoy podgotovki uchiteley Kazanskogo (Privoljskogo) federalnogo universiteta» nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida,

2022 yil 8-13 iyun kunlari Rossiya Federatsiyasi Yakutiya Respublikasi M.K.Ammosov nomidagi Shimoliy-Sharqiy federal universitetida boʻlib oʻtgan “Universiteti i razvitiye geostrategicheskix territorii Rossii” xalqaro forumida, 2022 yil 27-30 sentyabr kunlari Yaponiyaning Sukuba universitetida “Oʻzbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlarining Toʻrtinchi forum”da faol ishtirok etgan.

A.Oʻrinov hozirgi kunda ilmiy ishlarini ham davom ettirmoqda. U ilmiy maslahatchisi iqtisod fanlari doktori, professor G.Sh.Xonkeldiyeva bilan birgalikda “Sanoat tarmoqlarida innovatsion-investitsion jarayonlarni boshqarishni takomillashtirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.

A.Oʻrinov ishiga sadoqatli, halol inson sifatida jamoatchilik orasida munosib obroʻ-eʼtiborga ega. U oʻz ishiga doimo masʼuliyat bilan yondashadigan yuksak madaniyatli va namunali insoniy fazilatlarga ega boʻlgan shaxsdir.