K.T.Yakubov 1986- yil 1- iyunda Xorazm viloyati Tuproqqala tumanida xizmatchi oilasida tavallud topgan. 2003- yil maktabni tamomlab, shu yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari institutiga oʻqishga kirdi. 2007 -yili «Gidrotexnika inshootlari» fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirgan. Injener gidrotexnik. 2007-2009-yillarda magistraturada tahsil oldi. 2009- yili Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari kafedrasi stajyor oʻqituvchi lavozimiga ishga taklif qilingan. 2010-2015- yillarda kafedrada assistent lavozimida ishlagan. Oʻz kasbiga boʻlgan fidoiyligi hamda talabchanligi tufayli 2015-2016- yillarda Gidromeliratsiya fakulteti dekan oʻrinbosari lavozimida kafedradan ajralmagan holda faoliyat olib borgan. 2019-2021- yillarda tayanch doktoranturada oʻqib oʻz bilim va tajribalarini oshirgan holda 2021-yil texnika fanlari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini 2022-yili dotsent ilmiy unvonini olgan. Hozirgi kunga qadar dotsent lavozimida ishlab kelmoqda.
Oʻz kasbining fidoiysi ish faoliyati davomida taʼlimni ishlab chiqarish bilan bogʻlagan holda bir qancha trening kurslar tashkil qilgan va bu ilm olayotgan yosh avlodda taʼlimga boʻlgan qiziqishni oshishiga, hamda olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllay olishiga imkon bergan.
Yosh olimning “Koʻndalang dambalar orqasidagi girdob zonasida oqiziqlar choʻkishini bashorat qilish” mavzusidagi tayyorlangan monografiyasi oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan.
Davlat ilmiy texnika dasturlari boʻyicha 2023-yilda №15/2023-sonli “Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi Oʻng qirgʻoq kanalini loyqa bosishni kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish” mavzusidagi xoʻjalik shartnoma asosida bajarilgan ilmiy tadqiqot ishining natijalari hamda Davlat ilmiy texnika dasturlari boʻyicha 2023-yilda №21/2023-sonli “Taxiatash gidrouzeli Xavfsizlik mezonlarini ishlab chiqish” mavzusidagi xoʻjalik shartnoma asosida bajarilgan ilmiy tadqiqot ishining natijalari ham oʻquv jarayoniga tatbiq etilgan.
Dala sharoitida oʻtkazilgan eksperimentallar natijalari asosida turbulent aralashuv zonasida tezlik va loyiqalikni taralishi universal ekanligi hamda Shlixting Abramovich nazariy ifodalariga mos kelishi dala sharoitida birinchi marta isbotlangan. Natijada turbulent oqimlar nazariyasi rivojlanishiga maʼlum hissa qoʻshgan.
Koʻndalang dambalar orqasidagi girdob zonasida oqiziqlar choʻkishini bashorat qilish yuzasidan olib borilgan ilmiy izlanishi boʻyicha taklif qilingan Amudaryoning oʻng qirgʻogʻini himoyalovchi 30-damba hamda chap qirgʻogʻini himoyalovchi 19-dambalar uchun hisoblash ishlarini bajargan va ishlab chiqarishga joriy qilingan va yillik iqtisodiy samaradorlik 70 mln soʻmni tashkil qilgan.
K.T.Yakubov “Gidrotexnika qurilishi”, “Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish” yoʻnalishlari boʻyicha bakalavriatura va magistratura davlat taʼlim standartlarini tayyorlashga ishchi xodim sifatida oliy taʼlimni isloh qilishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.
K.T.Yakubov ilmiy va ilmiy-metodik ishlarni muvaffaqiyatli olib borib 70 dan ortiq ilmiy ish chop ettirgan, shu jumladan 18 ta oʻquv uslubiy ishlar, 1 ta monografiya, 1 ta mualliflik guvohnomasi, 1 ta patent, 4 ta Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlangan tavsiyanomalar, 46 ta OAK tasarrufidagi mahalliy va chet el jurnallarida maqolalar chop etgan.
Yakubov K.T. bir nafar mustaqil izlanuvchining doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilmoqda.
Yakubov K.T. oilali, ikki farzandi bor. Turmush oʻrtogʻi Qurbonboeva Nargiza “ingliz tili fani oʻqituvchisi.