Xasanov Xamidullo Muxtorovich 1968 – yil 28-iyunda Fargʻona viloyati Quva tumanida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, Oʻzbekiston respublikasi fuqarosi.
1975- yili Quva tumanidagi 8- oʻrta maktabning 1-sinfiga qabul qilinib, maktab davrida aʼlo baholar bilan oʻqish bilan birgalikda koʻplab olimpiada va konkurslarda qatnashib, yuqori oʻrinlarni oldi. Aʼlo baholari uchun 1981-yilda xalqaro “Artek” lageriga yuborildi. 8-, 9- va 10- sinf oʻquvchilik davrida oʻquvchilar oʻrtasida matematika fanidan oʻtkazilgan viloyat olimpiadalarida qatnashib, 3 yil davomida 2- oʻrinni egallagan.
1984-yili respublika oʻquvchilar ishlab-chiqarish brigadalari oʻrtasida oʻtkazilgan “ipakchilik” yoʻnalishidagi konkursda faxrli 1– oʻrinni egallab, Maorif vazirligining 1-darajali diplomi va Oʻzbekiston respublikasi Oliy Kengashining “Faxriy yorligʻi” bilan taqdirlandi.
1985 – yili oʻrta maktabni “Oltin medal” bilan tugallab, Toshkent qishloq xoʻjalik institutining “meva-sabzavotchilik va uzumchilik” fakulteti 1-bosqichi talabaligiga qabul qilindi. Shu yili respublika oliy yurtlari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan olimpiadada ximiya fanidan respublikada 3-oʻrinni egalladi.
1986-1988-yillarda harbiy xizmatni oʻtab kelib, oliy oʻquv yurtidagi taʼlimini davom ettirib, 1992-yili Toshkent Davlat agrar universitetini “Qizil diplom” bilan yakunlab, meva-sabzavot va uzumchilik boʻyicha olim agronom mutaxassisligini egalladi. Vazirlik yoʻllanmasi asosida Oʻsimlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutiga (hozirgi Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti) meva-rezavor ekinlari va uzum genetik resurslari boʻlimiga kichik ilmiy xodim lavozimiga ishga qabul qilindi.
Ilmiy faoliyati davomida qishloq xoʻjalik ekinlarining genetik resurslarini Milliy gen-bankka yigʻish va boyitish, ularni kelajak avlod uchun kafolatli saqlash, kompleks oʻrganish asosida birlamchi manbalar ajratish va ular asosida yangi navlar yaratish boʻyicha samarali mehnat qilib kelmoqda.
Tabiatda yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan, shuningdek yangi abiotik va stress omillarga chidamli serhosil yangi navlarni yaratishda foydalanish uchun oʻsimliklarning yovvoyi tur va shakllari, qadimiy mahalliy navlarni yigʻish maqsadida respublika va qoʻshni davlatlar hududlariga uyushtirilgan 30 dan ortiq mahalliy va xalqaro ilmiy ekspeditsiyalarda qatnashib, mevali, sabzavot, poliz, moyli, don va dukkakli, texnik va boshqa ekin turlarining 2000 dan ortiq namunalarini kolleksiyalarga jalb etishda ekspeditsiya rahbari va ijrochisi sifatida qatnashdi.
Oʻz ilmiy faoliyati davomida ekspeditsiyalar uyushtirish boʻyicha olgan bilim va koʻnikmalarini uzoq yillar davomida mahalliy va Janubiy Koreyalik yosh olimlarga nazariy va amaliy darslarda oʻrgatib kelmoqda. Xamidullo Muxtorovich tomonidan yaratilgan olxoʻrining “Maysara”, “Hosilot”, “Muxtor” va “Yarxi” navlari 2003-yilda Oʻzbekiston respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari Davlat reyestriga kiritildi. Shuningdek olim tomonidan yaratilgan mushmulaning “Yagona”, uzumning “Fayz”, “Baraka” navlariga 2022-yili patent olindi.
Respublika va xalqaro miqyosdagi oʻtkazilgan yarmarkalarda oʻzi va institut olimlari tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Dunyodagi rivojlangan mamlakatlarda qishloq xoʻjalik sohasida erishilgan yutuqlar, yangi ishlanmalarni respublikamizda joriy qilish maqsadida xalqaro aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshib, ICARDA, ICRISAT, CIMMYT, Biodiversity international, AVRDC kabi xalqaro tashkilotlar va rivojlangan mamlakatlar oʻsimliklar Genbanklari bilan yaqindan aloqalar oʻrnatish va hamkorlikni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Respublikamizda qishloq xoʻjalik ekinlarining yangi duragaylarini yaratish va ularning urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish maqsadida Xitoylik olimlar bilan samarali hamkorlik olib bormoqda. Institut faoliyatini va ilmda erishilayotgan yutuqlarni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish maqsadida facebook va YouTube tarmogʻidagi “Milliy genofond”, telegram tarmogʻidagi “genofond.uz”, instagram tarmogʻidagi “geno.fonduzb” kanallarini administrator sifatida yuritish bilan birgalikda respublika ommaviy vosita xodimlari bilan yaqindan aloqa olib bormoqda. X.Xasanov hozirgi kunda Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida faoliyat olib bormoqda.