Urinova Adolat Abdivasiyevna 1970 yilda Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan. 1993 yilda Toshkent Qishloq xoʻjaligi instituti ipakchilik fakultetini tugatgan. Mutaxassisligi olim-agronom.
A.A.Urinova ilmiy faoliyatini 1996 yil OʻzR FA Mikrobiologiya institutida boshlagan. 1997-2000 yillar davomida OʻzR FA Mikrobiologiya institutining aspiranturasida tahsil olgan.
2004 yilda A.A.Urinova “Muborak gazni qayta ishlash zavodi oqova suvlari tarkibidagi neft va neft mahsulotlarini parchalashda mikroorganizmlarning roli” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2005 yil Toshkentda AQSH olimlari bilan hamkorlikda bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha oʻtkazilgan Xalqaro kooperativ guruhidagi (ISBG) faol ishtiroki uchun maxsus SЕRTIFIKAT bilan taqdirlangan.
Samarqand shahrida oʻtkazilgan BMT Konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini koʻrib chiqish qoʻmitasining 21-sessiyasi doirasida gender tenglik mavzusiga bagʻishlangan yalpi majlis boʻlib oʻtdi. Unda choʻllanish va qurgʻoqchilikka qarshi kurashda xotin-qizlarning oʻrni, yer resurslaridan foydalanishda gender tenglikni taʼminlash masalalari muhokamasida A.Urinova ham oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi.
2010 yil 1 noyabrdan 11 dekabrgacha JICA yoʻnalishi boʻyicha Yaponiyada boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyoda suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida suv sifatini monitoring qilish” (J 1004112) mavzuidagi oʻquv kursida ishtirok etgan va 2 ta maxsus Xalqaro sertifikat bilan taqdirlangan.
A.Urinova 2020 yildan boshlab Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutida Bioxilmaxillikni saqlash laboratoriyasi mudiri vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.
Urinova Adolat Abdivasiyevna Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻnalishi boʻyicha bir nechta xorijiy va mahalliy loyihalarda loyiha rahbari va ijrochi sifatida faoliyat olib kelmoqda.
Shuningdek Adolat Urinova bugungi kunda dunyodagi global muammolardan biri boʻlgan Orol fojeasi oqibatlarini kamaytirish borasida oʻzining bir qator ilmiy yondoshuvlari bilan ham amliy va nazariy ishlarini amalga oshirib kelmoqda. Xususan Orol dengizining qurigan tubiga mos keluvchi, qurgʻoqchillikga chidamli oʻsimliklarni tabiiy sharoitda va biopreparatlar yordamida oʻstirish ishlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanidagi tajriba maydonchasida sinovdan oʻtkazib kelmoqda.
Tabiat bilan hamnafas boʻlgan olima yuqorida zikr etilgan ishlardan tashqari mamlakatimiz bioxilmaxilligini saqlashda yana bir qator ishlarga boshchilik qilib kelmoqda. Bulardan misol tariqasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan amaliy loyiha “Respublikamiz ochiq suv xavzalarida qishlovchi suv qushlarining qishgi sanogʻini oʻtkazish” ga raxbarlik qilib kelmoqda. Loyiha 2021-2028 yilgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Har yili qish mavsumining ogʻir va qiyin ob-havo sharoitiga qaramay olima oʻz jamoasi bilan birgalikda Respublika boʻylab barcha ochiq suv havzalaridagi ornitofaunani kuzatish va ularning sanoq hisoblarini olish maqsadida ilmiy-amaliy ekspeditsiyalarni boshqarib kelmoqda.
Respublikamizdagi Muhofaza Etiladigan Tabiiy Hududlarda (METH: qoʻriqxona va milliy bogʻlar) yongʻin xavfsizligini oldini olish boʻyicha seminar mashgʻulotlarini amalga oshirib noyob va yoʻqolib ketish arafasida turgan oʻsimlik-hayvonot olamini saqlab qolish masalalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
A.A.Urinova Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD. 18/30. 11.2022. T.153.01 raqamli Ilmiy kengash hamda Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritib kelmoqda.