MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

SIDDIQOVA SHOXIDA ISOQOVNA

SIDDIQOVA SHOXIDA ISOQOVNA

Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti Boshlangʻich taʼlim fakulteti Boshlangʻich taʼlim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), JDPU “Olima ayol” uyushmasi raisi

Siddiqova Shoxida Isoqovna 1975-yil 29-yanvar kuni Sirdaryo viloyati, Sardoba tumanida ziyoli oilada tugʻilgan. Millati – oʻzbek. 1982-1992 yillarda Jizzax shahridagi 7-son umumtaʼlim maktabida tahsil olgan va uni Oltin medal bilan tamomlagan. 1992-1993 yillarda Jizzax viloyati avtovokzalida ish yurituvchi sifatida faoliyat koʻrsatgan.

1993-1998 yillarda Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida Oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida “Oʻzbek tili va adabiyoti” mutaxassisligi boʻyicha tahsil olib, uni imtiyozli tugatgan. Talabalik yillari (1996-1997-oʻquv yili)da Jizzax viloyati hokimligi tomonidan taʼsis etilgan Sharof Rashidov nomidagi stipendiya sohibasi boʻlgan.

Pedagogik faoliyatini 1998-2001 yillarda Jizzax viloyat Jizzax tumani 11-maktabda, 2001-2004 yillarda Jizzax shahar Yengil sanoat kasb-hunar kollejida, 2004-2018 yillarda esa Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyining ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi vazifasida olib borgan.

2018-yil sentyabr oyidan Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti Boshlangʻich taʼlim metodikasi kafedrasida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, 2021-yil 30-noyabrdan Boshlangʻich taʼlim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Sh.I.Siddiqova ish faoliyati davomida 100 ga yaqin ilmiy, oʻquv-uslubiy ishlar eʼlon qilgan. Oliy attestatsiya komissiyasi eʼtirof etgan jurnallarda, xorijiy jurnallarda, xalqaro konferensiyalarda, respublika ilmiy konferensiyalarida maqolalari chop etilgan.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazish tashkiliy qoʻmita aʼzosi. Shuningdek, 1 ta darslik, 1 ta oʻquv qoʻllanma, 6 ta uslubiy qoʻllanma (Masalan, 1. Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi talabalariga ot soʻz turkumini oʻrgatish masalalari. Uslubiy qoʻllanma. Toshkent. “NIF MSh” 2021. 78 bet.; 2. Oʻzga gap turlarini oʻrgatish usullari. Uslubiy qoʻllanma. Toshkent. “Innovatsiya-Ziyo”. 2021. 80 bet.), 6 ta monografiya (Masalan, Oʻzga gaplar tadqiqi. Monografiya. Toshkent “Innovatsiya-Ziyo” 2021. 138 bet.) chop ettirgan, bir nechta oʻquv qoʻllanma va darsliklarga masʼul muharrirlik qilgan. Bir qancha ilmiy-metodik elektron jurnallarida tahririyat tahririyat aʼzosi.

Ustoz rahbarligida bir qator magistrlik dissertatsiyalari va bitiruv malakaviy ishlari tadqiq qilingan. Sh.I.Siddiqova talabalarni attestatsiyadan oʻtkazish jarayonida faol ishtirok etib, ularning bitiruv malakaviy ishlari, shuningdek, falsafa doktori (PhD) avtoreferati va dissertatsiyalariga, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarga, oʻquv dasturlarga taqrizlar berib kelmoqda.

Sh.I.Siddiqova Jizzax davlat pedagogika instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar hamda Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy daraja beruvchi PhD.03/04.06.2020. Fil.ll3.02 raqamli ilmiy kengash aʼzosi.

4 ta dissertatsiya ishiga rasmiy taqrizchilik, 2 ta dissertatsiya ishiga rasmiy ekspertlik qilgan. Uning ilmiy rahbarligida 10 ta magistrlik dissertatsiyasi, 10 ta BMI muvaffaqiyatli himoya qilingan, Intellektual mulk agentligida dasturiy vositalarga koʻplab guvohnomalar olgan.

Akademik shoir H.Olimjonning tavalludi munosabati bilan shoirning uy muzeyida innovatsion pedtexnologiyalar asosida “Hamid Olimjonning xalq ogʻzaki ijodiga qoʻshgan hissasi” mavzusida noanʼanaviy teledars tashkilotchisi, “Zamonaviy zukko qiz”, “Til – millat koʻzgusi”, “Ofarin shou”, “Buyuk zotlarga taʼzim”, “Konstitutsiya mening taqdirimda” mavzusida insholar tanlovi va badiiy kechalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkilotchisi.

Shoxida Siddiqova hamda bir guruh oʻqituvchilar “Munosabat” va “Oila mundarijasi” telekoʻrsatuvining “Oʻzbek tiliga davlat maqomi berilishi” va “Til haqidagi qonunlar” mavzusida boʻlib oʻtgan telekoʻrsatuvining eksperti sifatida qatnashgan. Jizzax viloyati televideniesining “Iftixor”, “Najot bilimda”, “Subhidam” koʻrsatuvlari qahramoni, “Hammasi oddiy” tok shousi faol ishtirokchisi. “Mangu qoʻshiq” radioeshittirishi eksperti. Shu bilan birga Jizzax viloyat “Maʼnaviyat targʻibotchilari” jamiyati faol aʼzosi ham hisoblanadi.

Siddiqova Shoxida Isoqovna 2020-yil aprel, may oylarida “Jizzax TV2” telekanalida “Online dars” loyihasi doirasida tashkil qilingan jahon adabiyoti fanidan umumtaʼlim maktablarining 10-, 11-sinf oʻquvchilari hamda akademik litseylarning birinchi va ikkinchi bosqich talabalari uchun televizion darslar oʻtgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining Jizzax viloyat teleradiokompaniyasida 2019-yildan beri muntazam ravishda “Adabiyot darsi” koʻrsatuvini olib boradi; 2018-yildan 2020-yilgacha “Sarchashma” intellektual kitobxonlik koʻrsatuvining doimiy eksperti sifatida faoliyat olib borgan; “Iftixor” koʻrsatuvi qahramoni sifatida ishtirok etgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-noyabrdagi 30/1-2308-sonli topshirigʻiga muvofiq Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokamasi ishchi guruh aʼzosi.

Oʻzbekistonning fidoyi va faol ayollari toʻgʻrisidagi “Ayol hayotning oltin bezagi” kitobiga nomzodi kiritilgan. Ilm-fan taraqqiyoti, intellektual kamolot, taʼlim-tarbiya sohasida erishgan katta yutuqlari hamda ustoz-shogird tizimida olib borayotgan samarali faoliyati uchun Oʻzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi raisi R.XMurtazayeva tomonidan 2021-yil fevralda faxriy yorliq bilan taqdirlangan.

Boshlangʻich taʼlim fakulteti iqtidorli talabalari bilan ishlash boʻyicha masʼul. Talabalari ustoz-shogird anʼanasi asosida respublika va viloyat miqyosida oʻtkazilayotgan yoshlarga oid barcha koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etmoqda, jumladan, OTM miqyosida oʻtkazilgan “Yil talabasi” tanlovida 2 nafar shogirdi sovrinli 1-oʻrinni egallab, respublika bosqichida ishtirok etgan. Xususan, Umidjon Qodirov 2022-yil 6-dekabr kuni “Vatan taraqqiyotida mening hissam” koʻrik tanlovining viloyat bosqichida “Adabiyot va publitsistika” yoʻnalishida 1-oʻrinni olib, respublika bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritgan. 2022-yil fevral oyida Amerikada oʻtkazilgan “Amerikan Dream (Amerika Orzusi)” hamda Rossiyada oʻtkazilgan xalqaro tanlovining badiiy adabiyot yoʻnalishida ustoz-shogird tizimida Umidjon Qodirovning “Biz oʻlmas odamlar” turkum sheʼrlari bilan ishtirok etib, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan. Sh.Siddiqova 2022-yil Qozogʻiston Respublikasi “Shinar japraqtari” tomonidan “Ulagʻatti ustoz” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2023-yilda shogirdi Umidjon Qodirov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sovrindori boʻldi.

Oʻzbеkiston Rеspublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi hamda Jizzax viloyat hokimligi bilan hamkorlikda chop etilgan “Mahorat, isteʼdod, tajriba” (Jizzax vohasi olimalari) risolasiga nomzodi kiritilgan

Hozirda olima filologiya fanlari doktori dissertatsiyasi (DSc) ustida ish olib bormoqda.