MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

QURBONOVA DILAFROʻZ ABDURASHIDOVNA

QURBONOVA DILAFROʻZ ABDURASHIDOVNA

Kamoliddin Bеhzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorеktori, tarix fanlari doktori

Qurbonova Dilafroʻz Abdurashidovna  1980 yil 25 oktyabrda Qashqadaryo viloyati  Shahrisabz shahrida tugʻilgan. Oliy maʼlumotli. Tarix fanlari nomzodi (2009 yil), tarix fanlari doktori (2020 yil).

1997 yil Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Respublika Nafis sanʼati litseyini tamomlagan.

2001 yili Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining muzeyshunoslik yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat, 2004 yili esa magistratura yoʻnalishini imtiyozli diplom asosida  tamomlagan.   2002-2011 yilda  Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi, 2012-2018 yilda  Temuriylar tarixi davlat muzeyi boʻlim boshligʻi, 2018-2020 yilda Oʻzbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi  “Muzey va eksponatlar” boʻlimi boshligʻi. 2010 yildan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Muzeyshunoslik kafedrasi oʻrindosh dotsenti, 2020 yil 2 dekabrdan mazkur institutning ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 80 ga yaqin ilmiy maqolalar, 3 ta monografiya va 1 ta oʻquv qoʻllanma muallifi. 10 dan ortiq bakalavr, magistratura yoʻnalishi talabalariga ilmiy rahbarlik qilgan.

2011 yil aprel oyida Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi tomonidan respublikadagi muzeylar, tadqiqotchilar oʻrtasida oʻtkazilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi” nominatsiyasini qoʻlga kiritgan.

2012 yilda Oʻzbekiston  Respublikasi “Fan va texnologiyalarni rivojlantirish” qoʻmitasi tomonidan eʼlon qilingan ilmiy tanlovlar oʻrtasida  “Oʻzbekiston madaniy-maʼnaviy merosining xorijga tarqalish sabablari oʻrganilishining dolzarb ahamiyati” nomli Yosh olimlar fundamental loyihasini qoʻlga kiritgan va unga rahbarlik qilgan.

2014 yil 17 – 19 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatida oʻtkazilgan «Biz buyuk yurt farzandlarimiz» festivalida joylardagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda hamda 2015 yilda Oʻzbekiston shaharlaridagi muzeylarda YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan viloyatlarda tashkil etilgan «Virtual muzey istiqbollari (Jahon muzeylari internet saytlari va ulardagi Oʻzbekistonga oid maʼnaviy merosning mavjudligi haqida)» maʼruzasi bilan oʻquv mashgʻulotida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.

2015 yilda Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan «Fundamentalnie i prikladnie issledovaniya v sovremennom mire» xalqaro konferensiyasida, 2017-2018 yillarda Turkiyaning Kastamonu shahrida oʻtkazilgan «Türkiye-Özbekistan ortak tarih ve müfredat çaliştayi» , «I Milletlerarasi Türkiye-Özbekistan munasebetleri sempozyumu»  xalqaro simpoziumlarida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan va sertifikat bilan taqdirlangan.

OʻzR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyida 2012-2016 yillarda amalga oshirilgan F1-FA-1-14646 «Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojlanishini oʻrganishning umumbashariy ahamiyati» fundamental loyihasi ishtirokchisi.

2020 yil 23 yanvarda “Jahonning yirik muzeylarida Oʻzbekistonga oid kolleksiyalarning shakllanishi va ularni komplektlashtirish tamoyillari” mavzusida tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasini himoya qilgan.

Dunyo muzeylari fondlarida Oʻzbekistonga oid saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar, noyob amaliy sanʼat namunalari, miniatyura asarlari, numizmatik ashyolar va tabarruk buyumlar kabi tarixiy-madaniy yodgorliklarida shakllanishi bilan bogʻliq ilmiy natijalari   Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati 2016 yil 25 mayda Fransiyadagi Oʻzbekiston elchixonasida  taqdimot, 26 mayda esa Niderlandiyadagi Leyden universitetida oʻtkazilgan ilmiy konferensiya hamda jarayonida «Jahon xazinalaridagi temuriylarga oid javohirlar» fotokoʻrgazma tashkilotchisi hisoblanadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD ilmiy darajasini olish uchun darajasini olish uchun  tuzilgan ixtisoslashgan ilmiy kengashlar aʼzosi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021-2022 yillarga eʼlon qilingan amaliy loyihalar tanlovida “Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidagi eng noyob eksponatlarning 3 D virtual animatsion galereyasini yaratish” nomli amaliy loyiha rahbari hamdir.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida oʻtkazilib kelinayotgan koʻplab respublika va xalqaro darajadagi konferensiyalarning koordinatori hisoblanadi.

“Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti axborotnomasi” ilmiy - maʼrifiy jurnali va “Art and Design: Social Science” nomli xalqaro ilmiy-innovatsion jurnali Bosh muharrir oʻrinbosari hisoblanadi.

2023 yilda Ozarbayjonning Boku shahrida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyada, 2024 yilda esa Turkiyaning Erzinjon shahrida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan.

Dilafroʻz Qurbonova “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 25 yil”  esdalik nishoni bilan taqdirlangan.