MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

QODIROV UMARALI DOʻSTQOBILOVICH

QODIROV UMARALI DOʻSTQOBILOVICH

Psixologiya fanlari doktori, professor

Qodirov Umarali Doʻstqobilovich 1974-yil 16-oktabrda Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida oʻqituvchi oilasida tugʻilgan, millati oʻzbek. 1991-yilda Muzrabot tumanidagi 7-oʻrta maktabni kumush medal bilan bitirib, Termiz davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetiga oʻqishga kirgan va 1996-yilda Termiz davlat universiteti oʻzbek va tojik filologiyasi fakultetini oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha imtiyozli tugatgan. 2002-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida aspiranturani, 2011- yilda doktorantura bosqichini tamomlagan. 2015-2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.

2002-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda “Badiiy ijodiyotda ijtimoiy-psixologik va etnopsixologik muammolar talqini (Аbdulla Qodiriy romanlari asosida)” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2020-yilda Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Dsc.28.03.2019.psi.26.02 raqamli Ilmiy kengashda “Yoshlarni destruktiv gʻoyalar taʼsiridan himoyalashning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

U. Qodirov 1991–1996-yillarda Termiz davlat universiteti talabasi; 1996–1998-yillarda Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasiga qarashli 10-maktab internat oʻqituvchisi; 1998–2002-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti aspiranti; 2002–2008-yillarda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ichki nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi; 2009–2010-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining masʼul xodimi; 2008–2011-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti doktoranti; 2012-yilning yanvaridan oktabr oyigacha Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi mudiri; 2012–2014-yillarda Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi yetakchi ilmiy xodimi; 2014-yil 26-fevraldan 2017-yilgacha Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti rektori; 2017–2018-yillarda Surxondaryo viloyati hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi rahbari; 2018–2022-yillarda Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori, 2022-yil 20-iyuldan Surxondaryo viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazi direktoridir.

U.Qodirov oʻqitishning zamonaviy usullari, zamonaviy pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia taʼlim resurslaridan foydalangan holda anʼanaviy, masofaviy malaka oshirish hamda qayta tayyorlash taʼlimi tinglovchilari, Termiz davlat universiteti, Termiz davlat pedagogika instituti, Аndijon davlat pedagogika instituti, Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti talabalari uchun yuqori ilmiy va oʻquv-uslubiy saviyada maʼruza kurslarini, magistratura talabalariga ilmiy rahbarlik faoliyatini olib bormoqda.

Psixologiya fanlari doktori, professor U.Qodirov 2008-yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ilmiy xizmat safarida boʻlgan. 2005-yildan hozirgi kunga qadar 2 ta ilmiy-amaliy va fundamental loyihada rahbar, 6 ta loyihada ishtirokchi sifatida faoliyat yuritgan. Uning 200 dan ortiq ilmiy ishlari respublikamiz hamda Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Chexiya, Аvstriya singari davlatlarda nashrdan chiqqan. U 2021-yilning 28–29-oktabr kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida oʻtkazilgan MDHga aʼzo davlatlar taʼlim tizimi xodimlarining 6-syezdida Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi aʼzosi hamda I Xalqaro pedagogik mahorat festivalining ishtirokchisi sifatida ishtirok etgan.

U.Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ustoz” jamgʻarmasi granti sovrindori, Xalqaro “Аntik dunyo” – “Antique world” akademiyasining akademigi, “Turon” Fanlar akademiyasining akademigi va prezidiumi aʼzosi, Yevropa ilmiy va sanoat konsorsiumi tomonidan taʼsis etilgan “Yevropa sifati” oltin medali sohibi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi aʼlochisi, Oʻzbekiston Respublikasi OАK roʻyxatidagi “Zamonaviy taʼlim” – “Современное образование” ilmiy jurnali Bosh muharrir oʻrinbosari, “Xalq taʼlimi: muammolar, izlanishlar, yechimlar”, “Psixologiya”, “Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti axborotnomasi”, “Fan va taʼlim yangiliklari”, Rossiya Federatsiyasida nashr etiladigan “Вестник современной науки”, “Интернаука”, Kanadaning Toronto shahrida nashr qilinadigan “Intellectual archive” ilmiy-nazariy jurnallarining tahrir hayʼati aʼzosidir. U.Qodirov tomonidan ikki yuzdan ortiq ilmiy va publitsistik maqola, 3 ta darslik, 1 ta monografiya, 16 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma va dastur chop qilingan.

Umarali Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan tan olingan “Destruktiv xulq psixoprofilaktikasi” nomli ilmiy tushuncha (№003467 raqamli guvohnoma, 2021-yil 30-aprel), “Oʻqituvchining psixologik kompetensiyasi” nomli atama (№003910 raqamli guvohnoma, 2021-yil 5-noyabr) muallifidir. U.Qodirovning “Huquqshunoslik faoliyati psixologiyasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga kasbiy-psixologik tanlov”, “Harbiylik – sharafli kasb”, “Sharqona oila”, “Yoshlarni destruktiv taʼsirlardan himoyalashning psixologik jihatlari”, “Oilaga psixologik yordam koʻrsatish”, “Ochiq axborot tizimlarida axborot-psixologik xavfsizlik”, “Sogʻlom bola shakllanishining ayrim ijtimoiy-psixologik jihatlari”, “Oilaga psixologik yordam koʻrsatish asoslari”, “Oilaviy hayotga tayyorlash”, “Oilada boʻlajak notiqni tayyorlash”, “Boshlangʻich taʼlimni modernizatsiyalashda kompetensiyaviy yondashuvlar texnologiyasi”, “Oilada notiqlik koʻnikmalarini shakllantirish”, “Kasb psixologiyasi”, “Sport psixodiagnostikasi va psixokorreksiya”, “Psixologik xizmat nazariyasi va amaliyoti” singari darslik, monografiya, oʻquv, uslubiy qoʻllanmalari chop etilgan boʻlib, ulardan qiziquvchilar, ilmiy tadqiqotchilar foydalanib kelishmoqda.

Uning ilmiy rahbarligida bir necha tadqiqotchilar psixologiya va pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilganlar. U.Qodirov hozirgi vaqtda oʻndan ortiq tadqiqotchilarga ilmiy rahbarlik va maslahatchilik faoliyatini amalga oshirmoqda.

U.Qodirov Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Buxoro davlat universiteti psixologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlari huzuridagi Ilmiy seminarlar raisi, Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi psixologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi oʻrinbosari, Tojikiston Respublikasi Xoʻjand davlat universiteti huzuridagi psixologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash, Oʻzbekiston Milliy universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Buxoro davlat universiteti, Toshkent Islom universiteti hamda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi psixologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlar aʼzosi sifatida faoliyat yuritgan. U ayni vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Buxoro davlat universiteti huzuridagi ilmiy kengash va ilmiy seminarlar, Tojikiston Respublikasi Xoʻjand davlat universiteti huzuridagi psixologiya fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash aʼzosi hisoblanadi.

2021-yilda U. Qodirov rahbarligida Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan attestatsiyadan aʼlo darajada oʻtib, malaka oshirish toifalari attestatsiyasi natijalari boʻyicha respublikada eng yuqori oʻrinni egalladi.

U. Qodirov “Coursera Workforce Recovery” dasturi doirasida tashkil etilgan “Coursera” onlayn kurslarini muvaffaqiyatli tugatib, pedagogika, psixologiya, taʼlim texnologiyalari yoʻnalishida dunyoning rivojlangan davlatlarida, xususan, АQSh, Kanada, Аvstraliya va koʻplab Yevropa mamlakatlarida tan olinadigan 41 ta sertifikatni qoʻlga kiritgan. U.Qodirov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining maxsus Ishchi guruhi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi eksperti sifatida ham faoliyat yuritgan. U oʻz faoliyati davomida Xalq taʼlimi vazirligi va viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, bir necha xorijiy taʼlim vazirliklari hamda xalqaro tashkilotlarning tashakkurnomalari bilan taqdirlangan.