Normatova Dilfuza Ismoilovna 1986-yil 6 aprelda Samarqand shahrida tugʻilgan. 1992-2003 yillari – 37-ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabi, 2003-2004 yillari – Samarqand bank kollejida tahsil olgan. 2004-2009 yillari Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjimonlik mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat bosqichi va shu universitetda 2009-2011 yillarda Tarjima nazariyasi va amaliyoti mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichida tahsil olgan.
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti hamda Janubiy Koreyaning Chung Ang universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik Мemorandumiga asosan, 3 bosqichli imtihonlardan muvaffaqiyatli topshirgan talabalik davridan bilimga chanqoq va oʻz ustida tinimsiz mehnat qilgan holda D.Normatova 2006 yil sentabr-dekabr oylarida Chung Ang universitetida talabalar almashinuvi dasturi boʻyicha oʻqishini davom ettirdi.
Pedagogik faoliyatini 2013 yilda D.Normatova Toshkent arxitektura-qurilish universiteti “Oʻzbek va xorijiy tillar” kafedrasi assistentligidan boshlab, 2018 yilda shu kafedraning katta oʻqituvchisi boʻlib ish faoliyatini davom ettirdi. Faoliyati davomida tashabbuskor hamda faol oʻqituvchi sifatida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni, jumladan “Kitob bizni birlashtiradi” nomli kitoblar koʻrgazmasi va ijodiy kecha, Arxitektura fakulteti talabalari bilan har oʻquv yili sarhisobi sifatida “English in our life” nomli turli konkurs va badiiy sahnalarga boy boʻlgan tadbirlarni tashkillashtirdi. 2019-2022 yillar oraligʻida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Chet tillar fakulteti “Ingliz tili amaliy kursi” kafedrasida ishlashi mobaynida, boʻlajak ingliz tili oʻqituvchilari boʻlmish talabalarga “Nutq malakalari integratsiyasi”, “Integrallashgan kurs” fanlaridan saboq berdi. Shuningdek, jamoatchilik asosida universitet Xotin-qizlar kengashi raisi oʻrinbosari sifatida samarali mehnat qildi. Uning tashabbusi bilan fakultetda bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirildi. Jumladan, talabalarda nutq malakalarini toʻgʻri shakllantirish va notiqlik sanʼatini oʻrgatish boʻyicha “Notiqlik sanʼati, nutq madaniyati, fikrni chiroyli bayon qilish” mavzusida telejurnalist Dilshoda Matchonova bilan ilmiy-ijodiy uchrashuv, va bu kabi uchrashuvlar anʼanaviy tarzda yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan bir qatorda, oliy taʼlim tizimi pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida 2016 yildan buyon “Maxsus maqsadlarga yoʻnaltirilgan ingliz tili” modulidan dars olib borgan D.Normatova “Malaka oshirish jarayonida pedagog kadrlarning leksik kompetensiyasini integrativ yondashuv asosida takomillashtirish mavzusida” ilmiy-tadqiqot ishi ustida izlanishlar olib borib uni himoya qildi. Dissertatsiya ishi yuzasidan 2020-2021 yillarda “English for beginners” kursi yaratildi. Videodarslar, topshiriq va mashgʻulotlardan iborat boʻlgan kurs hozirga qadar professor-oʻqituvchilar tomonidan faol foydalanib kelinmoqda. Yangi maʼlumotlar bilan boyitib borilayotgan ushbu kurs OTM professor-oʻqituvchilari mustaqil ravishda ingliz tilini oʻzlashtirib uni yanada mukammallashtirishda foydalanmoqdalar.
D.I.Normatova hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Ilgʻor tajriba va xalqaro hamkorlik ilmiy-axborot tadqiqotlari boʻlimini boshqarib kelmoqda.
Xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarda D.Normatova oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashib keladi. Jumladan, soʻnggi uch yil ichida, Rossiya Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi «Davlat maorif universiteti»da tashkillashtirib kelinayotgan «Профессиональная подготовка и развитие управленческих и педагогических кадров образовательных организаций: реалии в контексте требований времени» nomli anʼanaviy seminari maʼruzachisidir.
Sankt Peterburg davlat universitetida, Sichuan University (Xitoy Xalq Respublikasi) oʻtkazilgan xalqaro konferensiyalarda, 2024-yil 30-aprel kuni Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Oliy harbiy taʼlim muassasalarida xorijiy tillarni xorijiy tillarni oʻqitishda kommunikativ kompetensiyasi tendensiyalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida Nofilologik taʼlim yoʻnalishi talabalariga chet tili oʻrgatish metodlari nomli maʼruza bilan, Toshkent davlat texnika universitetida “Qozogʻiston-Oʻzbekiston - yangi gorizontlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada institut tayanch doktorantlari bilan faol qatnashib plenar hamda shoʻba yigʻilishlarida shuningdek respublikamiz boʻylab oʻtkazilayotgan davra suhbatlari, seminar, vork shop va anjumanlarda qatnashib kelmoqda.
D.Normatova tomonidan “Pedagogical innovative methods in teaching English (Ingliz tilini oʻqitishda pedagogik innovatsion metodlar)”, “English for specific purposes (Maxsus maqsadlarga yoʻnaltirilgan ingliz tili)” va “Modern methods of teaching foreign languages” nomli oʻquv qoʻllanmalar, 12 ta uslubiy qoʻllanma hamda 40 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etilgan.
D.Normatova ilmiy-pedagogik faoliyatdan tashqari jamoatchilik ishlarida ham faoldir. U “Sevimli” telekanalining “Odamlar orasida”, “Oʻzimizning gaplar” koʻrsatuvlarida doimiy ekspert hamdir. “Science and Innovation” xalqaro jurnali tahririyatida yetakchi tarjimon boʻlib faoliyat ham yuritib kelmoqda.