Mamanazarov Mansur Abduhakimovich 1983-yil 18-sentabrda Surxondaryo viloyati, Denov tumanida tugʻilgan. 1990-1998 yillarda Denov tumanidagi Alisher Navoiy nomli 7-sonli maktab internatida oʻqidi. 1998-2000 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi akademik litseyda tahsil oldi. 2000-2004-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti “Menejment” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat hamda 2004-2006-yillarda mazkur oliy taʼlim muassasasining “Menejment (tarmoqlar boʻyicha)” mutaxassisligi magistratura bosqichini tamomladi.
Mehnat faoliyatini 2006-yilda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Menejment kafedrasi assistenti vazifasidan boshladi. 2008-2010 yillar davomida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Matbaa, toʻqimachilik kimyosi texnologiyalari va avtomatlashtirish fakultetida oʻquv ishlari boʻyicha dekan oʻrinbosari, 2010-2015-yillarda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti Menejment kafedrasi katta oʻqituvchisi, 2015-2016-yillarda Korporativ boshqaruv kafedrasi katta oʻqituvchisi boʻlib ishladi.
2016-2018-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti “Makroiqtisodiyot” kafedrasi tayanch doktoranti, 2019-2020-yillarda mazkur universitet “Makroiqtisodiyot” kafedrasi oʻqituvchisi, 2020-yildan buyon OʻzMUda Buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish va monitoring boʻlimi boshligʻi, Marketing va talabalar amaliyoti boʻlimi boshligʻi, Marketing va akademik faoliyatni prognozlash boʻlimi boshligʻi kabi bir qator lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Shu bilan bir qatorda, oʻrindoshlik asosida “Makroiqtisodiyot” kafedrasida pedagogik faoliyatini olib borib, talabalarga oʻz bilimlarini ulashib kelmoqda.Mansur Mamanazarov qayerda faoliyat yuritmasin oʻzining tashabbuskorligi, tashkilotchiligi bois, jamoada, hamkasblari oʻrtasida hurmat-eʼtibor qozonib kelyapti. 2022-yilda “Koʻp yillik samarali va halol mehnati hamda oʻz xizmat vazifasiga boʻlgan sadoqati uchun” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.
Fanga, iqtisodiyotga yangiliklar qilishni, ilmiy tadqiqot olib borishni oʻz oldiga aniq maqsad qilib qoʻygan Mansur Mamanazarov oʻqib-oʻrganish, izlanishda davom etmoqda. Ustozlarning sabogʻi va qimmatli maslahatlariga amal qilganligi hayotiy, pedagogik va ilmiy sohalarda muvaffaqiyatlar qozonishiga omil boʻldi. U 2023-yilda 08.00.01-Iqtisodiyot nazariyasi va 08.00.12-Mintaqaviy iqtisodiyot tutash ixtisosliklari boʻyicha “MILLIY IQTISODIYOTDAGI TARKIBIY OʻZGARISHLAR ASOSIDA BARQAROR IQTISODIY OʻSISHNI TAʼMINLASH” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bordi. Bundan maqsad, milliy iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarning barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga taʼsirini oshirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish edi. Izlanishlar ijobiy samarasini berdi.
Mansur Mamanazarov 08.00.01-Iqtisodiyot nazariyasi va 08.00.12-Mintaqaviy
iqtisodiyot tutash ixtisosliklaridan iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor boʻldi.
Ilmiy izlanish olib borib, uning natijalarini amaliyotga tatbiq etishdan yana bir maqsadim shundan iboratki, milliy iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlashga, taʼsirini oshirishga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish va shu asnoda iqtisodiy rivojlanishga hissa qoʻshish. Buning uchun avvalo, ilmiy tadqiqotning vazifalarini belgilab oldim. Yaʼni, milliy iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarga bagʻishlangan ilmiy qarashlarni tavsiflash, tasniflash va rivojlanish bosqichlarini tadqiq etish, milliy iqtisodiyotda “tarkibiy oʻzgarishlar”, “iqtisodiyot tarkibini modernizatsiyalash”, “faol va passiv tarkibiy siyosat” tushunchalarini tavsiflash, ularga taʼsir koʻrsatuvchi omillarni tasniflash va ularning namoyon boʻlish xususiyatlarini aniqlash, milliy iqtisodiyotda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishning zaruriyati, mohiyati va uni amalga oshirish mexanizmini tahlil qilish, tarkibiy islohotlarni amalga oshirishning xorij tajribasini tahlil etish va undan Oʻzbekiston amaliyotida foydalanish imkoniyatlarini aniqlash, tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda investitsiya siyosatining oʻrni va samaradorligini baholash, mamlakatimizda tarkibiy siyosatni amalga oshirish mexanizmi, dastaklari va ustuvor yoʻnalishlarini aniqlash, tarkibiy oʻzgarishlarni klasterlash mexanizmi asosida takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini asoslash, Oʻzbekiston iqtisodiyotidagi tarkibiy oʻzgarishlarning iqtisodiy oʻsishga taʼsirini regression modelda baholash va 2030-yilga moʻljallangan muqobil ssenariylar prognozlarini ishlab chiqish, shuningdek, uzoq muddatli davrda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda tarkibiy siyosatni amalga oshirish dastaklarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqish kabi foydali vazifalar orqali albatta, ijobiy natijalar koʻzda tutilgan, — deydi Mansur Mamanazarov.
Respublikamizda barqaror iqtisodiy oʻsishini mis sanoatida klasterlar tashkil etish va u bilan bogʻliq korxonalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish asosida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish orqali taʼminlash taklifining asoslanganligi, tarkibiy oʻzgarishlar samaradorligini oshirishga mahalliy eksport qiluvchilarga yuk tashish va shu bilan bogʻliq boʻlgan infratuzilma xarajatlarining 50 foizini davlat tomonidan qoplash orqali erishishning maqsadga muvofiqligi asoslanganligi, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlar samaradorligini oshirish mexanizmini respublikada xorijiy investorlarga davlat tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar tizimini mahalliy investorlarga ham joriy etish orqali takomillashtirish taklifi ishlab chiqilganligi ayni muddao boʻldi. Iqtisodiyot tarkibida qishloq xoʻjaligi tarmogʻining ulushini optimallashtirishga qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurta qilish xarajatlarining 50 foizini davlatning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan qoplab berish orqali erishish taklifi ham ilmiy jihatdan asoslangan. Mansur Mamanazarovning ilmiy ishi natijalaridan oliy taʼlim muassasalarida “Iqtisodiyot nazariyasi”, “Tarmoqlar iqtisodiyoti”, “Mintaqaviy iqtisodiyot” va “Makroiqtisodiyot” fanlaridan oʻquv-uslubiy materiallarni takomillashtirish va talabalarni oʻqitish jarayonida foydalanilyapti. Mansur Mamanazarov iqtidorli yosh olim sifatida doimo izlanishda. Darslik, oʻquv qoʻllanma, ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar yaratish bilan birga jamoat ishlarida faol. Sohaga oid bilim va tajribalarini talaba yoshlarga oʻrgatib kelayotganidan haqli ravishda faxrlanadi. Uning muallifligi va hammuallifligida 2 ta darslik (Mikroekonomika, Mikro-Makroekonomika” darsliklari), 1 ta monografiya, 1 ta oʻquv qoʻllanma hamda 60 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar chop etilgan. Shulardan, 2 ta ilmiy maqolasi Scopus bazasida kirgan ilmiy jurnallarda, 2 ta ilmiy maqolasi yuqori impakt faktorli xalqaro ilmiy jurnallarda hamda 10 dan ortiq tezis va maqolalari xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar toʻplamlarida chop etilgan. Ilmiy tadqiqotlari xalqaro ilm ahllari tomonidan eʼtirof etilgan holda Google Scholar Citation maʼlumotlar bazasida 95 iqtibosga ega boʻlib, Xirsh indeksi – 2 ni tashkil qiladi. M.Mamanazarov Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan eʼtirof etiladigan “Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyoti” ilmiy-amaliy jurnalida Tahririyat Hayʼati aʼzosi hisoblanadi.
2020-2021-yillarda Polsha, Latviya, Ukraina, Slovakiya Respublikasi, Angliya, Oʻzbekiston davlatlari hamkorligida tashkil qilingan 3 ta onlayn ilmiy stajirovkalarni oʻtagan. 2023 yilda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Rossiya davlat gumanitar universiteti, Tver davlat universiteti, Tula davlat pedagogika universitetlarida ilmiy stajirovka oʻtagan.