Karimova Yulduz Baxtiyorovna 1989-yilning 11-oktabr kuni Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida tadbirkor oilada tugʻilgan.
1996-2007-yillarda Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi 22-umumtaʼlim maktabida oʻqigan. 2007-2011-yillarda Fargʻona davlat universitetining oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishini yakunlagan, 2021-yil esa shu universitetining oʻzbek adabiyoti ixtisosligidagi magistraturasini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2011-2012-yillarda – Fargʻona shahar 37-maktab oʻqituvchisi sifatida boshlagan, 2015-2019- yillarda – Fargʻona davlat universiteti akademik litseyi ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi, 2019-2020- yillarda – Fargʻona shahar 25-IDUMI oʻqituvchisi, 2022-yildan hozirgi kungacha Fargʻona davlat universiteti akademik litseyi oʻqituvchisi lavozimida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Karimova Yulduz Baxtiyorovnaning “Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida poetik tafakkur va uslub masalasi” mavzusidagi 10.00.02. – Oʻzbek adabiyoti ixtisosligidan filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiyasi Fargʻona davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02 raqamli Ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilingan. Uning 2 ta monografiya, 7 ta oʻquv uslubiy qoʻllanmasi nashr etilgan. 20 ta ilmiy maqolasi jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 8 ta ilmiy maqola, ulardan 2 tasi xorijiy jurnallarda, 5 ta xalqaro anjumanda, 3 ta respublika anjumanida, 2 ta respublika ilmiy jurnalida chop qilingan.
Jahon Bankining Munis loyihasi koʻmagi doirasida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan “English for Science” dasturining sertifikati bilan taqdirlangan. Ilgʻor tadqiqotlar ilmiy markazi tomonidan Oliy taʼlim muassasalarining yosh olimlari uchun 2024-yilda ilmiy tadqiqot faoliyatini samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan “Academic webinar” mavzusidagi oʻquv dasturi mashgʻulotlarini muvaffaqiyatli tamomlab sertifikat bilan taqdirlangan.
Uning rahbarligida akademik litsey oʻquvchisi Axmadova Azima Bexzod qizi 2023-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti Respublika bosqichida munosib ishtirok etgan. Shuningdek, akademik litsey oʻquvchisi Yoʻldosheva Gavharoy Shukurjon qizi 2024-yilda Yoshlar ishlari agentligi va Milliy tiklanish partiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Nodirayi davronlar” koʻrik-tanlovi viloyat bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
Fan olimpiadalarida va Milliy sertifikat imtihonlarida ham Y.Karimovaning oʻquvchilari faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. 2023-yilning 17-mart kuni oʻtkazilgan oʻzbek tili va adabiyot fanidan Milliy sertifikat imtihonlarida u tayyorlagan oʻquvchilarning 15 nafari yuqori ballarni qoʻlga kiritdi.
Fargʻona viloyat hokimligining tashabbusi bilan Y.Karimovaning temuriy malikalar tarixiga oid “Xonzodalar” toʻplami 2019-yilda nashrdan chiqqan. Buyuk Britaniyaning “Just Fiction Edution” xalqaro nashriyotida “Prinsseses” kitobi 2024-yil ingliz tilida chop etilgan. Yozuvchilar uyushmasi Fargʻona viloyat boʻlimi va viloyat axborot kutubxonasi bilan hamkorlikda “Poetik tafakkurning yangilanishi-jadid adabiyoti” mavzusida tashkil etgan ilmiy-amaliy konferensiyasi OAV tomonidan keng yoritilgan. Y.Karimova har yili oʻtkaziladigan “Oʻqituvchi-oʻquvchi nigohida” ijtimoiy soʻrovnomasida oʻquvchilar tomonidan eʼtirof etib kelinmoqda. Hozirda Yulduz Karimova Fargʻona davlat universiteti adabiyotshunoslik kafedrasi filologiya fanlari doktori, professor Yoʻldoshxoʻja Solijonov bilan hamkorlikda “Navoiyshunoslik” deb nomlangan darslik ustida ish olib bormoqda.