Iskandarova Dilnozaxon Ergashevna 1987 yil 5 dekabrda Andijon shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan. 1994-1998 yillari – Andijon shahridagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabida, 1998-2005 yillari Termiz shahridagi 13- umumiy oʻrta taʼlim maktabida tahsil olgan va aʼlo darajali shahodatnoma bilan tamomlagan. 2005-2012 yillari Toshkent pediatriya tibbiyot institutining “Pediatriya ishi” yoʻnalishi boʻyicha bakalavriat bosqichida va 2013-2016 yillari Andijon Davlat tibbiyot institutida “Bolalar nevrologiyasi” mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichida tahsil olgan. 2016 yilda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida “Nevrologiya” mutaxassisligi boʻyicha qayta tayyorlash kursini, 2021-2023-yillarda Toshkent pediatriya tibbiyot institutida “Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim” (PhD) mustaqil izlanuvchilikni muddatdan oldingi dissertatsiya ishining himoyasi bilan muvaffaqiyatli tamomlagan. Shuningdek, 2016-yil magistraturada oʻqishi davomida UZHELTH dasturi asosida Yevropaning Pisa (Italiya), Gent (Belgiya), Porto (Portugaliya), Nitra (Slovakiya) universitetlarida tahsil olgan.
2023-yil Oliy taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimida akkreditatsiya va sifatni taʼminlash boʻyicha Yevroosiyo markazining akkreditatsiya boʻyicha xalqaro ekspertlar tayyorlash kursini, 2024-yil Xitoydagi Shinjon tibbiyot universiteti qoshidagi Xitoy anʼanaviy tibbiyoti shifoxonasida maxsus malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan.
D.E.Iskandarova 2012-2013 yillari, dastlab, Termiz tumani “Doʻstlik” qishloq vrachlik punktida umumiy amaliyot shifokori, keyinchalik (2013 yil may-iyun) “Parrandachilik” qishloq vrachlik punkti mudiri, 2016 – 2021 yillar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo filiali shoshilinch nevrologiya boʻlimida vrach-nevrolog lavozimida faoliyat yuritgan. 2021-yildan hozirgi kungacha ushbu ilmiy markazda tashqi oʻrindoshlik asosida navbatchi shifokor – nevrolog hamda 2021-yildan hozirgi kungacha Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali Tibbiy psixologiya, nevrologiya va psixiatriya kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Iskandarova Dilnozaxon Ergashevna tibbiyot sohasida amaliy, pedagogik va ilmiy-tadqiqot jabhalaridagi faoliyati davomida 2023 yil “Surxondaryo viloyatida insultning klinik-epidemiologik xususiyatlari” mavzusidagi tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati serhosil boʻlib, xalqaro va Respublika jurnal va konferensiya toʻplamlarida 70 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgandir. Uning muallifligida 10 dan oshiq ratsionalizatorlik takliflari, 2 ta monografiya, 3 ta uslubiy tavsiyanoma, 1 ta oʻquv qoʻllanma, 10 dan oshiq oʻquv uslubiy qoʻllanmalar mavjud boʻlib, ilmiy yangiliklari amaliyotga tatbiq qilingan. D.E.Iskandarova Xalqaro va Respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir. Jumladan, 2015-yil Chelyabinsk (Rossiya) shahridagi “Актуальные вопросы современной психологии” mavzusidagi III xalqaro ilmiy konferensiyasida, 2021-yil Kiyev (Ukraina) shahrida oʻtkazilgan “Covid-19- о важном” Yevroosiyo telemostida, 2024-yil Urumchidagi (Xitoy) 8-Xitoy-Yevroosiyo expo forumida ishtirok etgan. 2021-yil Dushanbeda (Tojikiston) boʻlgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida “Клинико-эпидемиологические особенности инсульта в Кумкурганском районе Сурхандарьинской области”, 2022-yil Rossiya-Oʻzbekiston nevrologik forumida “Особенности регистра инсульта в Сурхандарьинской области”, 2024 -yil Termizdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada “Clinical and epidemiological features of stroke in Surkhandarya region” mavzularida taqdimot - maʼruzalari bilan ishtirok etgan. Dilnozaxon Iskandarova har yili Respublikamizda oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiya va forumlarida tibbiyot va oliy taʼlimning turli dolzarb muammolari va ularning yechimlariga bagʻishlangan taqdimot-maʼruzalari bilan muntazam ishtirok etib kelmoqda.
D.E.Iskandarova ilmiy-tadqiqot, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda, xalqaro va Respublikadagi turli xil tanlovlarda erishgan katta muvaffaqiyatlari uchun Sogʻliqni saqlash vazirligining TASHAKKURNOMASI, koʻplab yuqori darajadagi diplomlar, “Eng yaxshi umumiy amaliyot shifokori” sertifikati, “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yosh tabiatshunoslar” faxriy yorliqlari va “YOSHLARNI VATANPARVARLIK RUHIDA TARBIYALASH UCHUN” medali bilan taqdirlangan.
D.E.Iskandarova ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Jumladan, tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining professor oʻqituvchilari, shifokorlar, yosh olimlar va talabalar oʻrtasida turli xil tanlovlar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa bir qator tadbirlarni tashkilotchisidir. Jumladan 2024-yil “Nevrologiya va tibbiy psixologiyada innovatsion texnologiyalar”, “Regenerative medicine: innovative approaches, range of capabilities of a practioner for the treatment of diseases” mavzusidagi Xalqaro, “Zamonaviy nevrologiya va tibbiy psixologiya muammolari” mavzusidagi Respublika konferensiyalarida tashkiliy qoʻmita aʼzosi, rais oʻrinbosari, moderator, maqolalar toʻplamining bosh muharriri boʻlgan.
D.E.Iskandarova ustoz va ilmiy rahbar sifatida ham turli xalqaro va Respublika tanlovlari, olimpiadalar va ilmiy-amaliy konferensiyalarda nufuzli sovrindor talabalarni, nomdor stipendiya sohiblarini tayyorlagan, hamda xorijiy va mahalliy talabalarga yuksak saviyada tibbiyot sirlarini oʻrgatib kelmoqda.
Iskandarova Dilnozaxon Ergashevna hozirgi kunda Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali Tibbiy psixologiya, nevrologiya va psixiatriya kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2023 yildan D.E.Iskandarova “Multidisciplinary journal of science and technology” jurnalida tahririyat aʼzosi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, D.E.Iskandarova xalqimiz salomatligini saqlashda ham fidoiylik bilan xizmat qilmoqda.