MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

GAPPAROVA MAFTUNA ERKINOVNA

GAPPAROVA MAFTUNA ERKINOVNA

Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori dotsent, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi boʻlim boshligʻi

Gapparova Maftuna Erkinovna 1990 yil 14 mayda Buxoro viloyatida tugʻilgan. 1996-2006 yillari Toshkent shahridagi 301- umumtaʼlim maktabini tamomlagan.

2006-2010 yillari Oʻzbekiston milliy universiteti Jurnalistika fakulteti bakalavr bosqichi va 2010-2012 yili magistratura bosqichida taʼlim olgan.

2012-2013 yillari pedagogika-psixologiya fanlari boʻyicha qayta tayyorlov kursini tamomlab, 2015-2017 yillari tayanch doktoranturada tahsil olgan.

2006-yili “Eng ulugʻ-eng aziz” Respublika koʻrik tanlovining gʻolibi. 2017-yili “Qori Niyoziy” nomidagi davlat stpendiyanti

2021-yilda “Mustaqillikning 30 yillik” koʻkrak nishoni sohibasi.

2012-2015 yillari Toshkent davlat pedagogika universiteti “Umumiy pedagogika” kafedrasi oʻqituvchisi, 2015-2017 yillari Qori Niyoziy nomidagi ilmiy tadqiqot instituti tayanch doktoranti, shu yillar davomida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi oʻqituvchi,

2018-2019 yillari Maktabgacha taʼlim vazirligi “Maktabgacha taʼlim metodikasi” jurnali boʻlim muharriri, 2019-2023 yillari Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti psixologi, Xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi vazifalarida faoliyat yuritgan.

Hozirda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazida “Targʻibot texnologiyalarini joriy qilish va metodik qoʻllab-quvvatlash” boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlaydi. Shu bilan bir qatorda Ichki Ishlar akademiyasi “Xizmat psixologiyasi” kafedrasi dotsenti. “Innovatsion iqtisodiyotni kreativ kadrlar yaratadi” shiori ostida oʻz faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Maʼnaviyat – inson axloqi va odobi, bilimlari, qobiliyati, amaliy malakalari, vijdoni, iymoni, eʼtiqodi, dunyoqarashi, mafkuraviy qarashlarning bir-biri bilan uzviy bogʻlangan, jamiyat taraqqiyotiga ijobiy taʼsir etadigan mushtarak tizimidir. Ana shu tizimni yanada rivojlantirishda oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan yosh olimlar qatorida Gapparova Maftuna Erkinovna ham koʻrishimiz mumkin.

M.Gapparova 2022 yil 13.00.07 – “Taʼlimda menejment” mutaxassisligi boʻyicha “Talabalarni kasbiy-pedagogik faoliyatga tayyorlash jarayonlarini korporativ yondashuv asosida tashkil etish va boshqarish” mavzusidagi pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati serhosil boʻlib, Xalqaro va Respublika jurnal va konferensiya toʻplamlarida 60dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgandir. M.Gapparova Xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir.

“Taʼlimda menejment” oʻquv qoʻllanmasi, “Umumiy pedagogika” darsliklari chop etilgan.

Oliy taʼlim muassasalarida Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan bir qancha tanlovlar tashkilotchisi. Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda koʻplab tadbir tanlovlarni tashkillashtirib oʻtkazib kelmoqda.

Gapparova Maftuna Erkinovaning bugungi kunda 5 dan ortiq magistr shogirdlari hamda 3 ta pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) darajasini olishga himoyaga chiqayotgan shogirdlari mavjud.

2024 yil avgust oyidan boshlab Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligi Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan “Yoshlar va ilm-fan” jurnali tashkil etildi. M.Gapparova ushbu jurnalning bosh muharrir oʻrinbosari vazifasida ham faoliyat yuritib kelmoqda. 2024 yil mart oyidan mustaqil tadqiqotchi sifatida “Talaba-yoshlarda maʼnaviy-ijtimoiy faollikni rivojlantirish jarayonlarini tizimli tashkil etish va boshqarishni takomillashtirish” doktorlik (DSc) dissertatsiyasini ilmiy rahbari bilan birgalikda ilmiy tadqiqot ishini olib bormoqda. Oilada esa 3 farzandning mehribon onasi, oila bekasi.