Azimova Nodira Shoyim qizi 1983 yil 22 noyabrda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tugʻilgan. 1990-2000 yillari 11-umumtaʼlim maktabida tahsil olgan. 2000-2004 yillari Qarshi davlat universitetining “biologiya” mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat bosqichi va 2004-2006 yillari magistratura bosqichini tamomlagan. 2006-2010 yillari Qarshi davlat universitetida pedagoglik faoliyatini olib borgan, 2011-2013 yillari OʻzR FA Mikrobiologiya institutida stajyor tadqiqotchi-izlanuvchi (hozirgi tayanch doktorantura) da tahsil olgan.
2003-yilda Beruniy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori boʻlgan. 2005 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining Respublika bosqichida ishtirok etgan. 2014 yilda Yoshlarning Innovatsion gʻoyalari Respublika koʻrik tanlovi gʻolibi boʻlib, I-darajali diplom bilan taqdirlangan. 2021 yil «Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlangan. 2024 yil fevral-mart oylarida Qozon davlat agrar universitetida “Qishloq xoʻjaligi mikrobiologiyasi va biotexnologiyasining zamonaviy usullari” dasturi asosida malaka oshirgan.
2014-2018 yillari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida kichik ilmiy xodim, 2019-2022 katta ilmiy xodim, 2023-2024 yillarda ilmiy ishlar boʻyicha direktor muovini v.b. lavozimida faoliyat yuritgan.
Hozirgi vaqtda mazkur institutning “Molekulyar biologiya” laboratoriyasida katta ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, 2018-2023 yillarda Mikrobiologiya instituti huzuridagi DSc.02/30.12.2019.B.38.01 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminar kotibi lavozimida faoliyat yuritgan. 2022-2023 yillarda IL-402104392 «Ituzumdoshlar (Solanaceae) oilasiga mansub sabzavot ekinlarining asosiy zamburugʻ va bakterial kasalliklarini qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlarni oʻrganish va ularga qarshi biopreparat yaratish» amaliy loyihasining rahbari sifatida faoliyat yuritgan. Azimova Nodira Shoyim qizi Mikrobiologiya va biotexnologiya ilmiy tadqiqot sohalarida faoliyat yuritib kelmoqda.
U 2018 yil «Sellyulozali xom-ashyolarni Trichoderma harzianum mitselial zamburugʻi yordamida mikrobiologik qayta ishlash» mavzusidagi biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati serhosil boʻlib, Xalqaro va Respublika nufuzli ilmiy jurnal va konferensiya toʻplamlarida 60 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgandir. U 1 ta ixtiro va 1 ta foydali modelga patent hamda Oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun moʻljallangan 1 ta oʻquv qoʻllanmaning hammuallifidir. N.Sh. Azimova Xalqaro va respublika miqyosida oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir. Jumladan, 2023 yil Moskva Davlat universitetida oʻtkazilgan “Agrobiotexnologiya: yutuq va rivojlanish istiqbollari” xalqaro Forumida dastur qoʻmitasi aʼzosi sifatida hamda “Опыт создания и исползования биологических препаратов в Узбекистане” mavzusidagi plener maʼruzasi bilan ishtirok etgan.
2022 yili oʻtkazilgan Rossiya Mikologlar 5-Sezdida, “Микромицеты – возбудители болезней пасленовых культур” mavzusida maʼruza va taqdimot qilgan. 2024 yili Qozon shahri (Rossiya)da oʻtkazilgan YevroOsiyo kongressida “Микроорганизмы, вызывающие болезни овощных култур в условиях Узбекистана и научные основы биологической борбы с патогенами” mavzusida taqdimot-maʼruza bilan ishtirok etgan.
N.Sh. Azimova ustoz-shogird anʼanalariga muvofiq sermahsul faoliyat olib bormoqda. Hozirgacha uning rahbarligi ostida 4 ta magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan.
Ayni paytda 2 ta tayanch doktorant va 2 ta magistr dissertatsiya ishlariga rahbarlik qilmoqda. U ilmiy tadqiqotlari doirasida qishloq xoʻjaligi ekinlari qoldiqlarini biokonversiyalash asosida chorvachilikda ozuqa-yem bazasini kengaytirishga qaratilgan dagʻal-xashaklarni yumshatuvchi va tarkibini oqsil, oson oʻzlashtiriluvchi uglevod va boshqa biologik faol moddalarga boyituvchi «TRIXOSTIM» - fermentli biopreparat olishga muvaffaq boʻlgan. Bundan tashqari mamlakatimiz qishloq xoʻjaligiga katta zarar keltiruvchi, oʻsimliklarda kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlar (bakteriya va zamburugʻlar)ni tadqiq etish boʻyicha sezilarli ilmiy yutuqlarga erishmoqda. 2022-2023 yillarda amalga oshirilgan IL-402104392 sonli amaliy loyiha doirasida ilmiy jamoasi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligidagi asosiy sabzavot ekinlarining fitopatogen mikroorganizmlarini sof kulturalarini ajratib olib, laboratoriya kolleksiyasini yaratishga muvaffaq boʻldi. Ushbu zararli mikroorganizmlarning rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi faol antagonist shtammlar asosida laboratoriya sharoitida “Bakfungin” biopreparatini yaratishdi. Hozirgi vaqtda ushbu biopreparatni takomillashtirish boʻyicha tadqiqotlarni davom ettirmoqda.
Moskva Davlat universiteti qoshida faoliyat yurituvchi Oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha YevroOsiyo markazi bilan OʻzR FA Mikrobiologiya institutining hamkorligi Azimova N.Sh. tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hozirda ushbu hamkorlik doirasida qoʻshma tadqiqotlar olib borilmoqda. Mazkur yilda ushbu tadqiqotlar doirasida N.Sh. Azimovaning hamkor olimlar bilan birgalikda 2 ta ilmiy maqolasi Scopus maʼlumotlar bazasiga kiradigan xalqaro ilmiy jurnallarda nashr qilindi.