Abdulla Ayizov 1962 yilning 17 yanvarida Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Maymanoq qishlogʻida tavallud topdi. Maktabni tugatgach, 1980-1985 yillarda Toshkentdagi Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti (hozirgi Oʻzbekiston Davlat Jahon tillari universiteti)da tahsil oldi. Oliy oʻquv yurtini tugatgach, mehnat faoliyatini Kasbi tumanidagi 14-maktabda oʻqituvchilikdan boshladi. 1985 yilning noyabridan 1986 yilning iyun oyiga qadar tuman “Sadoqat” gazetasida boʻlim mudiri, 1986 yilning avgustidan 14-maktabda oʻqituvchi, bosh ilmiy boʻlim mudiri boʻlib ishladi. 1992 yilning iyul oyidan Muborak tumani hokimligi muassisligidagi “Muborak hayoti” gazetasi tahririyatida ijtimoiy-siyosiy boʻlim mudiri, keyinchalik muharrir oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdi. 1998 yildan Toshkentga kelib Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining “Ishonch” gazetasi tahririyatida sharhlovchi vazifasida ishladi. 2000 yilning oktyabridan 2001 yilning iyun oyiga qadar “Yangi asr” gazetasida muxbirlik qildi.
2001 yildan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Oʻzbekiston” teleradiokanalida faoliyat yuritib, “Iqtisodiyot va islohot” muharririyatida katta muharrir, masʼul kotib vazifalarida ishladi. Uzoq yillar “Madaniy-maʼrifiy, badiiy eshittirishlar” muharririyati “Adabiyot va sanʼat” boʻlimi mudiri sifatida adabiy-dramatik asarlarni targʻib etishda, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi fonotekasini, yaʼni, “oltin fondi”ni “Oʻzbek sheʼriyati”, “Oʻzbek nasri”, “Bedorlik”, “Ijod zavqi”, “Adabiy jarayon”, ”Radiokitob”, radiopostanovka va radioinssenirovkalar bilan boyitishga oʻz hissasini qoʻshib kelyapti.
Abdulla Ayizov maktabda oʻqigan kezlaridayoq xabar, maqola va lavhalari bilan tuman, viloyat gazetalarida qatnashib keladi. Talabalik yillaridan esa hajviyalari “Mushtum” jurnalida chop etiladi. Sheʼrlari va hikoyalari “Sharq yulduzi” “Yoshlik”,”Guliston”, Gʻuncha”, “Gulxan” jurnallarida, “Xalq soʻzi”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Hurriyat”, “Maʼrifat”, “Tong yulduzi” gazetalarida chop etilib ustoz shoir va adiblar, adabiyotshunoslar, oʻquvchilar tomonidan eʼtirof etilyapti.
Abdulla Ayizov qalamiga mansub hajviy hikoyalar va sheʼrlar “Muborak ovozlar”, “Qashqadaryo bayozi”, “Zumrad voha nasimlari”, “Kasbi bayozi” jamoa toʻplamlaridan oʻrin oldi. “Otam yodi” nomli ilk sheʼrlar toʻplami 2001 yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etildi. “Bir gap boʻlar” hajviy hikoyalar toʻplami soʻzboshisida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov shunday lutf qilgan:
“Abdulla Ayizov moʻmin-qobil yosh ijodkorlardan. Hajvchi boʻlishga ishtiyoqning balandligi koʻproq yozganlaridan sezilib turadi. Eng muhimi ham shu. ”Mushtum” va boshqa gazeta-jurnallarda eʼlon qilingan hajviyalarini oʻqiganman, yaxshi.
Kulgi bilan illat-u kamchiliklarga qarshi kurashmoqlikning oʻzi haqiqiy insonparvarlikning muhim belgisi hisoblanadi. Niyatimiz – Kulgi deb atalmish qudratli maʼnaviy kuchning juda ogʻir zahmati va oʻz oʻrnida rohatini ham teranroq anglab yetsin. Yozganlaridan hamisha samimiylik va hayotiylik ufurib tursin. Keyin, oʻzi aytmoqchi, BIR GAP BOʻLAR...
Ijodingizga baraka, ukajon!“
Atoqli adib, Davlat mukofoti laureati Nosir Fozilov shunday degan edi: “Qashqa vohasida tavallud topgan Abdullajonning ijodini men vaqtli matbuot orqali kuzatib turaman. Abdullajonda yumor hissi bosimroq. Aslida, bu vohadagi odamlar hazil-mutoyibani tushunmaydilar, degan gaplar ham bor. Oʻsha vohadan chiqqan Muhammad Ochil va Abdullajon Ayizovning ijodi haligi gapni rad etadi… Yana bir maslahatim shuki, Qashqa vohasi tabiati goʻzal, yeri koʻp, odamlari mehnatkash, shinavanda va, ayniqsa yozuvchi uchun mavzu moʻl-koʻl. Shunaqa tesha tegmagan mavzular borki, ular Abdullajonlarni “Bizni qachon yozar ekan?” deb kutib turishibdi...”
“Abdulla Ayizovning “Oʻzimizning Begʻamboy” nomli qissasi yaxshi. Til ham, tasvir ham, tabassum ohangi ham oʻrnida”, – degan edi atoqli adib, Davlat mukofoti laureati, Oʻzbekiston respublikasi sanʼat arbobi Omon Muxtor.
Taniqli adabiyotshunos olim, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yoʻldosh shunday yozadi: “Yumor – oʻta noyob neʼmat. Hayotga hajviy nazar bilan qarab, undagi odamlarning hatti-harakatlarini yumoristik yoʻsinda badiiy tasvirlash kamdan-kam ijodkorlarga nasib etadi. Shu maʼnoda Abdulla Ayizovning “Oʻzimizning Begʻamboy” qissasi kishi eʼtiborini tortadi. Muallif retrospektiv tasvir usulidan foydalanib, yonimizdagi odam tomonidan bosib oʻtilgan ancha murakkab hayot yoʻliga hajviy nazar tashlaydi. Begʻamboyning bolalik va oʻquvchilik yillari tasvirida hayotiy va badiiy meʼyor bir qadar saqlanadi ham. Ayniqsa, poyezdning bitik boshida uchinchi yoʻldan, asar oxirida esa birinchi yoʻldan kelgani tasviri berilishi diqqatga loyiq. Bu – Begʻamboy shaxsidagi oʻsish – oʻzgarishga ishora. Asarda gʻoyat landavur yigitchaning koʻnglidan sevgi joy olganligi holati tasvirlangan oʻrinlar oʻqirmanda yaxshigina taassurot qoldiradi. Qissada hech qachon, hech narsa uchun jonini koyitib oʻrganmagan yigitning sarguzashtlari qiziqarli aks ettirilgan...”
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Umida Rasulova shunday yozadi: “Abdulla Ayizovning “Polvon yigʻilgan tun” qissasida Sardor polvon gʻururi, oriyati masalasi ruhiyat manzaralariga nigoh tarzida birlashadi. Millatimizda oila ota-ona roziligi bilan bunyod etilishi xayrli sanaladi. Asar konfliktida ayni muammo yechimi eʼtiborni tortadi. Sardor polvon mard, toʻgʻriligi bilan aholi hurmatiga sazovor boʻlgan damda otasi borasidagi haqiqatni izlaydi. Hozirgi taraqqiyot davrida ham inson halollikka, toʻgʻrilikka rioya etishi, qadriyatni eʼzozlashi, qiyofasini asrashi muhim. Millatni gʻururi baland kishilar birlashtiradi...”
Nazmda va nasrda qalam tebratib kelayotgan Abdulla Ayizov dramaturgiyada ham oʻz isteʼdodini sinab koʻrdi. Uning asarlari asosida tayyorlangan “Polvon yigʻlagan tun”, “Muallim” nomli radiopostanovkalarga taniqli rejissyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gulchehra Gʻiyosova rejissyorlik qilgan. Asosiy rollarni taniqli sanʼatkorlar, Oʻzbekiston xalq artistlari Tesha Moʻminov, Muhammadali Abduqunduzov Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist Tolib Moʻminov, Abdugʻani Roʻziyev, Sanobar Qodirova, Dilmurod Uzoqov va boshqa bir qancha kino va teatr aktyorlari ijro etishgan. Bu radio asarlar ham Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining oltin fondidan oʻrin oldi.
Nazm va nasrda qalam tebratib kelayotgan Abdulla Ayizov dramaturgiyada ham oʻz iqtidorini sinab koʻrdi. Uning “Orzular qanotida” dramasi Oʻzbekiston Davlat Yosh tomoshabinlar teatrida rejissyor Zafar Asqarov tomonidan sahnalashtirildi.
Bu sahna asari yoshlarni bilimli, aql-idrokli boʻlishga, vatanparvarlikka undaydi. Hayotda toʻgʻri yoʻlni tanlash uchun kitoblarning, yaxshi niyatli, bagʻri keng odamlarning hissasi benihoya katta ekanligiga ishontiradi. Zero, ezgu orzularning qanot yozishi – bu har bir inson uchun ulkan baxt!
Abdulla Ayizovning “Ustoz” dramatik asari, “Oʻzimizning Begʻamboy” komediyasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ijodiy tanlovi hayʼati aʼzolari tomonidan eʼtirof etildi.
Abdulla Ayizov qalamiga mansub sheʼrlarga kuy bastalanib, Xosiyat Dillayev, Shuhrat Dillayev, Faxriddin Sultonov, Murodulla Hayitov kabi isteʼdodli xonandalar ijrosida toʻylarda, bayram tadbirlarida, Oʻzbekiston televideniyesi va radiotoʻlqinlar orqali tayyorlangan adabiy-musiqiy dasturlar orqali namoyish etildi.
Abdulla Ayizov nafaqat katta yoshdagi, balki kichkintoy kitobxonlar uchun ham asarlar yaratyapti. Uning “Kim Baxtiyor?”, “Katta boʻlsam koʻrasiz”, “Qorabayir”, “Qorbobo”, “Boʻladigan bola”, “Men ham askar boʻlaman”, “Oʻkinch”, “Gʻalati baho”, “Mazasi qochdi”, “Voy, tishim” va boshqa bir qancha hikoyalarida bolajonlarning begʻubor qalbi, soddaliklari bois yumorga boy boʻlgan hayoti badiiy tasvirlangan.
Abdulla Ayizovning sheʼrlari va hikoyalari turk, qozoq, qoraqalpoq, uygʻur tillariga tarjima qilingan.
Abdulla Ayizovning “Oʻzbekiston
NMIU” tomonidan nashr etilgan “Polvon yigʻlagan tun” qissalar toʻplami kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Shuni mamnuniyat bilan aytish joizki, kitobning ikkinchi nashri ham adabiyot muxlislariga tuhfa etildi.
– “Yangi kitob” nashriyotida chop etilgan “Turfa odamlar” nomli kitobimdan turli yillarda yozgan “Oʻzimizning Begʻamboy” qissa, sheʼrlarim, hajviyalar va hikoyalarim oʻrin oldi, –deydi Abdulla Ayizov.
Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Boynazar Yoʻldoshev oʻzining “Qashqadaryo badiiyati”, “Qashqadaryo adiblari” toʻplamida Abdulla Ayizov ijodi haqida ham batafsil maʼlumotlar va fikrlar bildirgan.
Adabiyotshunos Mahbuba Ismonaliyevaning “Oʻzbek nasrida polvon obrazi” monografiyasida Said Ahmad, Togʻay Murod, Luqmon Boʻrixon, Nurilla Chori kabi zabardast adiblarning asarlari qatorida Abdulla Ayizovning “Polvon yigʻlagan tun” qissasi ham tahlil qilingan.
Toshkent Davlat Sharqshunoslik universiteti professori Xayrulla Hamidov tomonidan turk tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan “Oʻzbek adabiyotidan sochma asarlar: hikoyalar va sheʼrlar” antologiyasidan hamda “Qirgʻiz – oʻzbek ijodkorlari antologiyasi”dan Abdulla Ayizovning ijod namunalari oʻrin olgan.
Abdulla Ayizovning ijodiy faoliyati eʼtirof etilyapti. Adib 2021 yilda oʻtkazilgan “Vatan uchun yashaylik!” Respublika ijodiy tanlovi sovrindori. 2022 yilda esa “Eng ulugʻ, eng aziz” Respublika tanlovi gʻolibi boʻldi.
Abdulla Ayizov ayni paytda qizgʻin ijod ogʻushida. Yangi asarlar ustida ishlayapti.