MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

ASHUROV ZUFAR ABDULLOYEVICH

ASHUROV ZUFAR ABDULLOYEVICH

Iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), professor, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori

Z.A.Ashurov 1980 yil 12 sentyabrda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tavallud topgan, millati oʻzbek. Maʼlumoti oliy. 2001 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti (hozirgi Buxoro muhandislik-texnologiyasi instituti) ning «Menejment» yoʻnalishi boʻyicha bakalavriatni, 2003 yilda mazkur oliygohning «Menejment» mutaxassisligi boʻyicha magistraturani imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2003 yildan Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutida Xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi va “Menejment” kafedrasi assistenti lavozimlarida ishlashdan boshlagan. 2004-2012 yillar mobaynida turli davlat muassasalari va nodavlat tashkilotlarida, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tizimida bosh mutaxassis, boʻlim boshligʻi lavozimlarida, “Donaev Management Consulting” xususiy konsalting kompaniyasida loyihalarni boshqarish boʻyicha bosh mutaxassis lavozimida samarali faoliyat yuritgan.

Mehnat faoliyati davomida iqtisodiy va boshqaruv jarayonlarining mazmun va mohiyatini teran oʻrganishi uni ilm-fan bilan mashgʻul boʻlishga va iqtisodiy tadqiqotlarni amalga oshirishga chorladi. Shu maqsadda, u 2008 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining aspiranturasiga oʻqishga kirib, 2008-2011 yillar mobaynida universitetning “Korporativ boshqaruv” kafedrasi aspiranti, keyinchalik stajor-tadqiqotchi-izlanuvchi sifatida ilmiy faoliyatni olib borgan.

Aspiranturada tahsil olib yurgan paytlarida 2011 yilda uning tashabbusi bilan universitetda ilk bor korporativ boshqaruv muammolariga bagʻishlangan “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida Oʻzbekistonda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etilgan va muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.

Keyinchalik, 2012-2015 yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Korporativ boshqaruv” kafedrasi assistenti, 2014-2016 yillarda shu kafedraning mustaqil izlanuvchisi sifatida, 2016 yilda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi “Korporativ boshqaruv” kafedrasi katta oʻqituvchisi lavozimida pedagogik faoliyatni olib borgan. 2020 yildan hozirga qadar pedagogik faoliyatini oʻrindoshlik asosida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining «Korporativ boshqaruv» kafedrasi dotsenti, keyinchalik professor lavozimlarida davom etmoqda.

Oʻzining mehnat va ilmiy faoliyatini u 2016 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirish, raqobat va korporativ boshqaruvni rivojlantirish muammolarini tadqiq etish Markazida (hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazi) ilmiy xodim lavozimida davom ettirib, hozirda u 2018 yildan boshlab, shu kunga qadar, ushbu Markaz direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida samarali faoliyat yuritib kelmoqda.

2019 yil 25 oktyabrda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda 08.00.13 – “Menejment” ixtisosligi boʻyicha «Aksiyadorlik korxonalarida korporativ boshqaruvning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini i.f.d. professor Zaynutdinov Shavkat Nuritdinovich rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻlgan. 2022 yilda 08.00.13 – “Menejment” ixtisosligi boʻyicha katta ilmiy xodim ilmiy unvonini, 2024 yilda professor ilmiy unvonini qoʻlga kiritgan.

Z.A.Ashurov mamlakatimizda oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohasida murakkab masalalarni hal qilishda tashabbuskor va oʻziga masʼuliyatni qabul qilishga qodir boʻlgan ilmiy-pedagogik xodim, qolaversa, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlgan iqtisodchi olim sifatida oʻzini koʻrsata olgan. U oxirgi 15 yildan ortiq davr mobaynida korporativ boshqaruvning nazariy, uslubiy va amaliy muammolarini keng tadqiq etib kelmoqda, korporativ huquq, korporativ ijtimoiy masʼuliyat, korporativ moliya sohalari boʻyicha katta ilmiy va amaliy tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U bugungi kunga qadar mamlakatimizda korporativ boshqaruv, korporativ ijtimoiy masʼuliyat, iqtisodiyot, menejment, taʼlim va ilm-fan sohalarini rivojlantirishga doir 250 dan ortiq ilmiy, oʻquv, oʻquv-uslubiy ishlar chop etgan. Jumladan, 7 ta monografiya (shundan 1 tasi yakka mualliflikda, 1 tasi umumiy tahrir ostida (27 b.t.), 5 tasi xorijiy kollektiv monografiya), 7 ta darslik va oʻquv qoʻllanma, 10 ta oʻquv-uslubiy majmualar, 50 dan ortiq ilmiy maqolalar mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallarda, 140 dan ortiq maqola va tezislar xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiya toʻplamlarida, 50 ga yaqin ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar gazeta va Internet nashrlarida chop etgan hamda 20 dan ortiq mualliflik guvohnomalari olgan. Uning yakka muallifligida 2022 yilda nashr etilgan “Korporativ ijtimoiy masʼuliyat” nomli darsligi korporativ ijtimoiy masʼuliyat sohasining nazariy va amaliy asoslari yoritilgan oʻzbek tilidagi birinchi oʻquv adabiyoti hisoblanib, hozirda bir qator oliy taʼlim muassasalarining pedagogik amaliyotida foydalanib kelinmoqda. Uning ilmiy ishlari Scopus, Google Scholar, SSRN, RINTS kabi xalqaro maʼlumotlar bazalarida oʻrin olgan.

U 80 dan ziyod ilmiy va amaliy ishlanmalar (normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, tahliliy va doklad maʼlumotnomalari, uslubiy tavsiyanomalar, ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar va h.k.) muallifi hisoblanib, shundan 40 tasi hozirgi kunga qadar amaliyotga joriy etilgan. Uning ilmiy va amaliy ishlanmalari mamlakatimizning yetakchi korxonalari va tashkilotlari (mas., “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Buxorogazsanoatqurilish” AJ, “Asia Alliance Bank ATB”, “Toshkent RFB” AJ va h.k.) faoliyatiga keng joriy etilgan hamda bir necha qonun va qonunosti hujjatlari bilan tasdiqlangan. Xususan, uning taklif va tavsiyalari Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida” gi, “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida” gi, “Elektron tijorat toʻgʻrisida” gi qonunlarda, Korporativ boshqaruv kodeksida, 3 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari (12.04.2017 yildagi PQ-2884-son, 23.08.2017 yildagi PQ-3236-son, 28.04.2015 yildagi PQ-2340-son), 5 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari (12.03.2024 yildagi 124-son, 29.03.2021 yildagi 166-son, 02.12.2019 yildagi 963-son, 04.10.2017 yildagi 795-son, 05.08.2016 yildagi 252-son) va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda oʻz aksini topgan.

Uning nazariy va amaliy ahamiyatga molik ilmiy ishlanmalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis Senati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Bandlik va mehnat munosabatlari  vazirligi, Davlat raqobat qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim Markazi hamda boshqa korxona va tashkilotlar tomonidan ijobiy eʼtirof etilgan. Amaliyotga tatbiq etilgan muhim ilmiy yutuqlari orasida quyidagilarni koʻrsatish mumkin:

- Oʻzbekiston korporativ boshqaruv tizimi G20/OECD ning korporativ boshqaruv xalqaro tamoyillariga muvofiq milliy korporativ qonunchilikka muhim oʻzgartirishlar kiritish asosida takomillashtirilgan;

- milliy korporativ boshqaruv tizimiga “kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi” tushunchasini kiritish va uning mustaqillik mezonlari ishlab chiqish orqali Oʻzbekistonda mustaqil direktorlar instituti yaratilgan;

- ilmiy-tadqiqotning nazariy va empirik usullarini qoʻllashga asoslangan korporativ boshqaruvni tadqiq etishning umummilliy metodologiyasi yaratilgan;

- kimyo sanoati korxonalarining korporativ boshqaruv tizimi ularning boshqaruv tuzilmasini zamonaviy talablarga muvofiq keltirish, tarmoq korporativ boshqaruv kodeksini ishlab chiqish, korxonalarda rivojlanish strategiyasini joriy qilish, korxonalardagi davlat aktivlarini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha qarorlar qabul qilish asosida takomillashtirilgan;

- Oʻzbekiston korporativ boshqaruv kodeksi uzoq muddatli strategik rejalarni ishlab chiqish, kuzatuv kengashi qoshida maxsus qoʻmitalarni joriy qilish, kuzatuv kengashi aʼzolarini ularning faoliyat samaradorligini bogʻliq holda mukofotlash asosida takomillashtirilgan;

- fond birjasining listing talablari ularning tarkibiga korporativ boshqaruv kodeksini majburiy tartibda mavjud boʻlishi toʻgʻrisidagi talabni kiritish orqali takomillashtirilgan;

- aksiyadorlik jamiyati korporativ boshqaruv tizimini mustaqil baholash tartibotini oʻtkazishning uslubiy asoslari ishlab chiqilgan;

- Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari Klassifikatori unga korporativ boshqaruv boʻyicha direktor, risklarni boshqarish boʻyicha direktor, strategik rejalashtirish boʻyicha direktor, korporativ kotib kabi lavozimlarni kiritish asosida takomillashtirilgan;

- aksiyadorlik jamiyatlari va masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan korporativ obligatsiyalarni chiqarish shartlari soddalashtirilgan;

- Korporativ boshqaruv kodeksi tavsiyalariga rioya etishda “comply or explain” xalqaro tamoyili asosida axborotni oshkor qilishning uslubiy tavsiyalari ishlab chiqilgan (400 dan ortiq AJ larda qoʻllaniladi);

- qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirishning normativ-huquqiy asoslari ishlab chiqilgan;

- Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi tartibga soluvchi tashkilotlarni tuzish va faoliyatini yuritishning konseptual asoslari yaratilgan;

- davlat mulkini boshqarish qonunchiligi munitsial mulkning mezonlarini belgilash, davlat unitar korxonalarida korporativ boshqaruvni joriy etish, davlat mulkni boshqarish boʻyicha axborotni eʼlon qilish asosida takomillashtirilgan;

- davlat unitar korxonalarida kuzatuv kengashini hamda aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi huzurida qoʻmitalarni tuzish va faoliyatini yuritishning normativ asoslari ishlab chiqilgan;

- tijorat banklarining korporativ boshqaruv siyosatini ishlab chiqish va tasdiqlashning uslubiy tavsiyalari yaratilgan va h.k.

2016-2023 yillar mobaynida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida davlat grantlari asosida 4 ta amaliy va innovatsion loyihalarda, shu jumladan 1 ta Oʻzbekiston-Belorussiya qoʻshma ilmiy loyihasida rahbar sifatida ishtirok etib, bir qator salmoqli ilmiy natijalarni qoʻlga kiritgan hamda amaliyotga tatbiq qilingan. Shuningdek, u 20 dan ortiq milliy va xalqaro taʼlim hamda tadqiqot dasturlarida ishtirok etib, grantlar sohibi boʻlgan Vengriya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Rossiya, Singapur, Sloveniya, Fransiya, Qozogʻiston, Hindiston kabi davlatlarda malaka oshirgan. Jumladan:

- TEMPUS dasturining grantini qoʻlga kiritib, Gollandiyaning Larensteyn professional taʼlim universitetida “Kompetensiyaga asoslangan oʻquv dasturlarini ishlab chiqish” (“Competencies-based Curriculum Development”) kursida malaka oshirgan (2002 y.);

- TEMPUS dasturining individual mobillik granti (Individual Mobility Grant) asosida Gollandiyaning Larensteyn professional taʼlim universitetida “Xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq xalqaro biznes sohasi boʻyicha yangi oʻquv dasturini ishlab chiqish” mavzusidagi individual loyihani amalga oshirgan (2005 y.);

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Isteʼdod” jamgʻarmasining granti sovrindori (2011 y.);

- Xalqaro korporativ boshqaruv tarmogʻi (International Corporate Governance Network) tashkilotining grantini qoʻlga kiritib, Fransiyada boʻlib oʻtgan korporativ boshqaruv boʻyicha xalqaro konferensiyada ishtirok etgan (2011 y.);

- Germaniyaning DAAD akademik almashinuvlar dasturining tadqiqotchilar va yosh olimlar uchun moʻljallangan grantini qoʻlga kiritib, Gamburg universitetida korporativ boshqaruv sohasida ilmiy tadqiqot olib borgan (2011-2012 yy);

- Yevropa Komissiyasi Erasmus Mundus dasturining granti asosida Sloveniyaning Lyublyana universitetida korporativ boshqaruv boʻyicha ilmiy tadqiqot olib borgan (2015 y.);

- Koreyaning Xandong Global universiteti tomonidan yuritiladigan UNESCO-UNITWIN OCW/OER Initiative (UUOOI) dasturining granti asosida ingliz tilidagi “Infrastructure Economics” fanidan maʼruza materiallarini tayyorlagan (2015 y.);

- Xalqaro SUN dasturining granti asosida Vengriyaning Yevropa markaziy universiteti tomonidan tashkil etilgan malaka oshirish kursida qatnashgan (2015 y.);

- Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorlik (Indian Technical and Economic Cooperation, ITEC) dasturining granti asosida biznes tadqiqotlar metodologiyasi kursi boʻyicha Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish institutida malaka oshirgan (2015 y.);

- Yevropa Insitutsional aksiyadorlar uyushmasining moliyaviy koʻmagida Florensiya klubi – Yaxshi korporativ boshqaruv xalqaro instituti (Club of Florence – International Institute for Good Corporate Governance) tomonidan Italiyaning Florensiya shahrida oʻtkazilgan korporativ boshqaruv boʻyicha seminarda ishtirok etgan (2016 y);

- Yevropa Komissiyasi Erasmus+ dasturining akademik mobillik granti asosida Germaniyaning Bremerxafen amaliy fanlar universitetida akademik innovatsiyalar kursida malaka oshirgan (2016 y);

- Germaniyaning DAAD Eastern Partnership Programme dasturining granti asosida Germaniyaning Bremen amaliy fanlar universitetida pedagogik faoliyatni amalga oshirgan (2018 y.);

- Germaniyaning Volkswagen Foundation (Volkswagenstiftung) jamgʻarmasining moliyaviy koʻmagida “Dialogue of Civilizations” tadqiqot instituti va Tojikiston milliy universitetida tomonidan oʻtkazilgan “Turning Brain Drain into Brain Circulation in Central Asia” simpoziumida ishtirok etgan (2019 y.);

- Yevropa Komissiyasi Erasmus+ dasturining akademik mobillik granti asosida Germaniyaning Bremen amaliy fanlar universitetida pedagogik faoliyatni amalga oshirgan (2018 y.);

- Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan oʻtkazilgan tanlov gʻolibi boʻlib, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining granti asosida Rossiyaning Ural davlat iqtisodiyot universitetida ilmiy stajirovkani oʻtagan (2021 y.);

- Yevropa Komissiyasi Erasmus+ dasturining akademik mobillik granti asosida Polshaning Chenstoxova texnika universitetida pedagogik faoliyat boʻyicha malaka oshirgan (2022 y.);

- Rossiyaning Yoshlar ishlari federal agentligi (Rosmolodyoj) ning moliyaviy koʻmagida Ural davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan oʻtkazilgan XIV Yevrosiyo Yoshlar iqtisodiy forumi (YEAFM) doirasida tashkil etilgan “Korporativ boshqaruv, biznes barqarorligi (ESG) va rivojlanish loyihalari” xalqaro tanlovida ekspert kengashining aʼzosi sifatida ishtirok etgan (2024 y.);

- Markaziy Yevrosiyo tadqiqotlari jamiyati (Central Eurasian Studies Society - CESS) granti asosida Qozogʻistonning Olmota shahridadagi Turon universitetida oʻtkazilgan Xalqaro CESS 2024 konferensiyasida ishtirok etgan (2024 y.).

Bir necha xorijiy oliy taʼlim muassasalarida, jumladan Larensteyn professional taʼlim universiteti (Gollandiya, 2003 y.), Lyublyana universiteti (Sloveniya, 2015 y.), Bremen amaliy fanlar universiteti (Germaniya, 2018 y., 2020 y.), Bremerxafen amaliy fanlar universiteti (Germaniya, 2018 y.), Ural davlat iqtisodiyot universiteti (Rossiya, 2021 y., 2024 y.), Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliyaviy universitet (Rossiya, 2021 y., 2023 y.), Chenstoxova texnika universiteti (Polsha, 2022 y.) talabalarga maʼruzalar oʻqigan. ADB, IDB, World Bank, JBIC, Eurasian Foundation, OFID, SFR kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilgan 10 dan ortiq xalqaro loyihalarda ishtirok etgan.

Z.A.Ashurov hozirga qadar qator yetakchi professional va ilmiy hamjamiyatlar aʼzosi, jumladan, Oʻzbekiston kuzatuv kengashlarining mustaqil aʼzolari assotsiatsiyasi, Corporate Governance Institute, AQSH dagi Corporate Governance and Sustainability International Group, Social Science Research Network aʼzosi hisoblanadi. Korporativ boshqaruv ekspertlarining global bazasi (Corporate Governance Experts Global Repository) ga kiritilgan, Yevropa institutsional aksiyadorlar assotsiatsiyasi (Vereinigung Institutionelle Privatanleger e.V.) ning Oʻzbekiston boʻyicha vakili va muxbiri, Munich Personal RePEc Achieve (MPRA) ning oʻzbek tilidagi maqolalar muharriri boʻlib hisoblanadi. Shuningdek, u Polshaning “International Journal of Emerging and Transition Economies” Indoneziyaning “Journal of Management – Small and Medium Enterprises (SMEʼs)” AQSH ning “Economics (ECO)”, Singapurning “Journal of Comprehensive Business Administration Research”, Hindistonning “JANOLI International Journal of Applied Engineering and Management” kabi jurnallarning tahririyat kengashi aʼzosi va taqrizchisi boʻlib hisoblanadi.

Bundan tashqari, Z.A.Ashurov mamlakatimizdagi bir qancha vazirlik va idoralar huzuridagi kengash, komissiya va ishchi guruhlar aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib boradi. Jumladan: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi huzuridagi Ekspertlar guruhi aʼzosi; Oʻzbekiston Respublikasining 2030 yilgacha kichik biznes va oʻrta biznesni  rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etuvchi ishchi guruh aʼzosi;  Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasini 2021-2030 yillarda innovatsion rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha Idoralararo ishchi guruhining aʼzosi;  Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Ekspert-tahlil guruhi aʼzosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda oʻz hissasini qoʻshib keladi.

Z.A.Ashurov uzoq yillardan buyon ilmiy va amaliy faoliyatni pedagogik faoliyat
 bilan birgalikda yuritib, fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini rivojlantirib keladi. U shu kunga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bakalavr va magistratura talabalari uchun turli fanlar boʻyicha maʼruza mashgʻulotlarini oʻzbek, rus va ingliz tillarida yuqori saviyada va talab darajasida olib boradi. Shuningdek, u TDIU huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Yangi bozorlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlovchi milliy markaz, Sugʻurta bozori mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish oʻquv markazida kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalashga salmoqli hissa qoʻshgan. Uning ilmiy rahbarligida 3 ta magistr, 11 ta bakalavr tayyorlangan, 4 ta tadqiqotchi doktorlik dissertatsiyalari ustida ish olib bormoqda.

Hozirgi paytda Z.A.Ashurov Oʻzbekistonni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga real xizmat qiladigan hamda jamiyat uchun yuqori malakali va intellektual salohiyatli  kadrlarni tayyorlash imkoniyatiga ega boʻlgan oʻziga xos olimlar qatorida faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda u mamlakatimiz uchun yangi soha – korporativ ijtimoiy masʼuliyat muammolarini tadqiq etishgan qaratilgan “Oʻzbekistonda korxonalar faoliyati samaradorligini oshirishda korporativ ijtimoiy masʼuliyat konsepsiyasini joriy etishning ilmiy-uslubiy asoslari” mavzusida ilmiy ish ustida ishlab, mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarini rivojlantirishga muvaffaqiyatli hissa qoʻshmoqda.