MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

USMONOV  FARZOD SHOXRUXOVICH

USMONOV FARZOD SHOXRUXOVICH

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti magistranti

Usmanov Farzod Shoxruxovich 2001-yil 9-avgustda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Samarqand shahridagi 45-sonli umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlab, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi Akademik litseyida o‘qishni davom ettirgan.

Farzod Usmanov 2019-yilda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti 5230100 – “Iqtisodiyot” (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. U o‘qish jarayonida o‘zining namunali xulqi, bilimga intiluvchanligi va barcha tadbirlarda faol ishtiroki bilan talabalar orasida ko‘zga tashlanib, professor-o‘qituvchilari hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Usmanov Farzodning ilmiy faoliyati va izlanishlari alohida diqqatga sazovor. U turli xalqaro va nufuzli jurnallarda maqolalarini chop etib, xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida faol ishtirok etib kelmoqda.

Farzod Usmanov institutda o‘qishining dastlabki yillarida olib borgan ilmiy izlanishlari natijasida 2 ta ilmiy monografiya, 1ta intellektual mulk obyektiga bo‘lgan muhofaza (egalik) huquqi, 4 ta Scopus bazasiga kiritilgan jurnallarda, 57 ta yuqori Impact faktorli jurnallarda, 7 ta OAK e’tirof etgan ilmiy jurnalda, 18 ta xalqaro maqomdagi ilmiy-amaliy anjumanlarda, 8 ta respublika va vazirlik miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlari to‘plamlarida maqolalarini chop etganligi uning 2021-2022-o‘quv yili uchun Navoiy nomli davlat stipendiyasiga nomzod qilib ko‘rsatildi.

Farzod Usmanov faol o‘quv va ilmiy faoliyat bilan birga institutning jamoat ishlarida ham ishtirok etib kelmoqda. Yoshlarga oid davlat siyosatini talabalar o‘rtasida targ‘ib qilish, institut yoshlar bilan ishlash bo‘limining reja asosida olib borilgan tadbirlarini tashkil qilish, guruh talabalarini ijtimoiy hayotdagi tadbirlarga jalb qilish ishlarini olib bormoqda, o‘zi tahsil olayotgan guruhning sardori vazifasini bajarib kelmoqda. 2021-yilda o‘tkazilgan “O‘zbekiston yoshlar festivalining” faol ishtirokchisidir.

Iqtisodiyot fanlarini o‘rganish bilan bir qatorda o‘z qiziqishlariga vaqt ajratib kelmoqda. Iqtisodiyot nazariyasi, mikroiqtisodiyot, ekonometrika fanlariga qiziqib turli darajadagi fan olimpiadalarida ishtirok etmoqda.

2020-yil 30-iyunda Rossiya Federatsiyasi, Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Iqtisodiyot fanlari” bo‘yicha o‘tkazilgan “Ensiklopedist” xalqaro onlayn olimpiadasida  “Mikroiqtisodiyot”  fanidan faol ishtirok etib 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

2021-yil 2-iyunda o‘tkazilgan “Iqtisodiyot nazariyasi” fanidan onlayn fan olimpiadasining Respublika bosqichida faol qatnashib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2023-yil 12–yanvarda “Global university” assosiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan xorijiy fuqarolar uchun Rossiya Federatsiyasida magistraturada ta’lim olish bo‘yicha grant sovrindori bo‘ldi.

O‘zbekiston  Respublikasi  Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2022-yil 14- fevraldagi 52-sonli buyrug‘iga muvofiq a’lo o‘qishi, namunaviy xulqi hamda faol jamoatchilik ishlari uchun Navoiy nomli davlat stipendiyasi bilan taqdirlandi.

Axborot texnologiya va dasturlashni chuqur o‘rganishga harakat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan 2020-yil “Bozorlarda narxlarni tizimli monitoring qilish dasturiy ilovasi” dasturiga mualliflik Guvohnomani qo‘lga kiritdi.

Usmanov Farzod Shoxruxovichning iqtisodiyotning har bir sohasiga qiziqishi, shijoati, mehnatsevarligi, bilimga chanqoqligi tahsinga sazovordir. Institut talabalar va professor-o‘qituvchilar jamoasi orasida obro‘-e’tiborga ega.